DAVRIY KASR
DAVRIY KASR — raqamlarining bir qismi cheksiz takrorlanadigan cheksiz o’nli kasr. Masalan, 3,19272727…; bu kasrni qisqacha 3, 19 (27) kabi yozish mumkin, ya’ni davr deb ataluvchi cheksiz takrorlanadigan raqamlar qismi qavs ichiga olingan (bu misolda “davrda 27” deyiladi). Agar Davriy kasrning davri verguldan keyin darhol boshlansa (masalan, 5,767676…), bundan kasr sof Davriy kasr deyiladi, agar verguldan keyin davr oldida raqamlar bo’lsa (masalan, 4,21666…), bunday kasr aralash Davriy kasr deyiladi. Har bir ratsional son (ya’ni oddiy kasr) ni o’nli kasr bilan tasvirlanganda hamma vaqt chekli o’nli kasr yoki Davriy kasr hosil bo’ladi. Har bir Davriy kasrni oddiy kasrga aylantirish mumkin (ya’ni u biror ratsional songa teng).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz