DAVLAT SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIYA NAZORATI



DAVLAT SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIYA NAZORATI (O’zbekiston Respublikasida) – davlat sanitariya-epidemiologiya nazoratini amalga oshiradigan tibbiy-profilaktik muassasa. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 21 bandiga muvofiq tashkil etiladigan Davlat nazorati tashkilotlari turkumiga kiradi. Respublika Sog’liqni saqlash vazirligi davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati departamentiga bo’ysunadi. O’zbekiston Respublikasining “Davlat sanitariya nazorati to’g’risida”gi qonunga (1992 yil 3 iyul) asosan Davlat sanitariya-epidomiologiya nazorati sanitariya qonunlari, qoida va me’yorlari buzilishining oldini olish, aniklash va ularga chek qo’yishga qaratilgan. Hozirgi respublika, viloyat, tuman va shahar Davlat sanitariya-epidomiologiya nazorati markazlari faoliyat ko’rsatadi. Respublika ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, “O’zbekiston havo yo’llari” milliy aviakompaniyasi va “O’zbekiston temir yo’llari” kompaniyasi tizimida ham Davlat sanitariya-epidomiologiya nazorati mavjud. Davlat sanitariya-epidomiologiya nazorati markazlari ma’muriy hududlarda sanitariyaga oid va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlarining o’tkazilishini ta’minlaydi, mulkchilikning shakllaridan qat’i nazar davlat, qo’shma, jamoa va xususiy korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar hamda yakka tartibda faoliyat ko’rsatayotgan tadbirkorlar tomonidan sanitariya-gigiena normalariga rioya qilinishi ustidan Davlat sanitariya-epidomiologiya nazoratini amalga oshiradi va sanitariya-epidemiologik barqarorlikni ta’minlash bo’yicha tegishli takliflarni tayyorlaydi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz