DAVLAT OBLIGATSIYALARI
DAVLAT OBLIGATSIYALARI — davlat tomonidan chiqarilgan qimmatli qog’oz turi: Davlat obligatsiyalarini sotib oluvchilar — aholi, firmalar, banklar va turli tashkilotlar investorlar hisoblanadi. Obligatsiyalarni sotishdan tushgan pul davlatning daromadini tashkil etadi, ammo u davlatning qarziga ham aylanadi. Davlat obligatsiyalari muayyan muddatlar uchun chiqariladi. Turli mamlakatlarda qisqa muddatli, o’rtacha muddatli va uzoq muddatli Davlat obligatsiyalari mavjud. Muddati kelgach, obligatsiyalarni davlat qaytadan sotib oladi. Davlat obligatsiyalari daromad keltiruvchi qimmatli qog’ozlar turiga kiradi. Daromad shakliga ko’ra Davlat obligatsiyalarining yutuqli obligatsiyalar (obligatsiyalarga tegadigan daromad pul yutug’i shaklida bo’lgani sababli unga foiz to’lanmaydi), foizli obligatsiyalar (obligatsiyalarga ularning qiymatiga nisbatan foiz hisobida pul to’lanadi) vadiskontli obligatsiyalar (obligatsiyalar sotilganda nominalidan pastroq narxda sotiladi, ular qaytadan sotib olinganda nominali summasida pul to’lanadi) kabi turlari bor. Davlat obligatsiyalari daromadlari oldindan qat’iy kafolatlanadi. Davlat obligatsiyalari daromadli qog’ozlar bo’lganidan ularni sotish, garovga qo’yish va kapital sifatida ishlatish mumkin. O’zbekistonda 1992 yil 1 iyulda 20 yil muddat bilan yutuqli obligatsiyalar chiqarildi (ularni sotish va sotib olish vaqtincha to’xtatilgan). Respublikada 1996 y.ilan dastlabki qisqa muddatli Davlat obligatsiyalari, 1997 yil mart oyidan boshlab 6 oylik qisqa muddatli Davlat obligatsiyalari chiqarildi. Sadir Salimov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz