DAVLAT HUQUQI



DAVLAT HUQUQI — muayyan davlatning ijtimoiy tuzumi, davlat tuzilishi asoslari va davlat hokimiyati organlarining tashkil etilishini, inson va fuqarolarning asosiy huquklari, erkinliklari va burchlarini hamda saylov tizimini belgilovchi va tartibga solib turuvchi huquqiy normalar yig’indisi. “Davlat huquqi” atamasi bilan bir qatorda konstitutsiyaviy huquq atamasi qo’llanilib kelinmoqda, ularning predmeti va tadqiqot ob’yektlari bir xil bo’lganligi bois sinonim sifatida tushunmoq kerak. Bundan tashqari davlat huquqi uch ma’noda: huquq tarmog’i, fan va o’quv kursi sifatida qo’llaniladi. O’zbekiston Respublikasi Davlat huquqi — O’zbekiston Respublikasi huquq tizimining yetakchi tarmog’i hisoblanadi; uning normalari davlat va jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy asoslarini, davlat hokimiyatini amalga oshirish hamda jamiyat, davlat va shaxs orasidagi munosabatlarni tashkil etuvchi ijtimoiy munosabatlarni o’rnatadi, rivojlantiradi va huquqiy tartibga solib turadi. Shu bois Davlat huquqining asosiy printsiplari, qoidalari va normalari huquq tizimining boshqa tarmoqlari (jinoyat, jinoyat-prosessual, fuqarolik, fuqarolik-prosessual, ma’muriy, xo’jalik, mehnat huquqi va shu kabilar) ni belgilab beradi. O’zbekiston Respublikasi Davlat huquqining bosh manbai O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hisoblanadi. Davlat huquqi manbalarini Qorakalpog’iston Respublikasining Konstitusiyasi, shuningdek, davlat-huquqiy mazmunga ega bo’lgan yoki davlat-huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan normalarni o’z ichiga olgan konstitutsiyaviy va oddiy qonunlar, Prezident farmonlari va qarorlari, Oliy Majlis reglanmenti, nizomlar, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, mahalliy hokimiyatning qarorlari, O’zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan tuzgan bitim va shartnomalari tashkil etishi mumkin. Jamiyatdagi munosabatlarni Davlat huquqi normalari bilan tartibga solish natijasida kelib chiqadigan munosabatlarni davlat-huquqiy munosabatlar deb ataladi. Davlat-huquqiy munosabatlarning ishtirokchilari davlat-huquqiy munosabat sub’yektlari deb ataladi. O’zbekiston Respublikasida davlat-huquqiy munosabatlarning asosiy sub’yektlari quyidagilardan iborat: davlat sifatida O’zbekiston Respublikasi; O’zbekiston Respublikasining xalqi; O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo’lmagan shaxslar; Qoraqalpog’iston Respublikasi; O’zbekiston Respublikasining davlat organlari (O’zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, sudlov organlari, vazirliklar, davlat qo’mitalari, barcha pog’onadagi xalq deputatlari Kengashlari va hokimliklar); deputatlar va ularning uyushmalari; saylov komissiyalari; jamoat birlashmalari; fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari va boshqalar. O’zbekistonda Davlat huquqi fanining rivojlanishi asosan 20-asrning 20-yillaridan boshlandi va mustaqillik yillarida keng qamrov oldi. O’zbekistonda huquqiy demokratik davlat qurilishi va fuqarolik jamiyati shakllantirilishi, davlat hokimiyatining tashkil etilishi va faoliyatining takomillashtirilishi, inson huquqlari va erkinliklarining ta’minlanishi, siyosiy tizimning erkinlashtirilishiga doir O. Eshonov, A. A’zamxo’jayev, Sh. O’razayev, A. To’laganov, A. Azizxo’jayev, Z. Islomov, H. Boboyev, O. Husanov, R. Qayumov, X. Odilqoriyev, E. Xalilov, U. Tojixonov, A. Saidov, M. Fayziyev, S. Sultonov kabi huquqshunos olimlarning ishlari e’tiborga loyiqdir. Abdujabbor To’laganov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz