DAVLAT HOKIMIYATI VAKILLIK ORGANLARI



DAVLAT HOKIMIYATI VAKILLIK ORGANLARI — fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokining vakillik shakli. Davlat hokimiyati vakillik organlari vakillik xususiyati ularning saylov yo’li bilan tashkil etilishi, masalalar jamoa tomonidan erkin muhokama asosida hal qilinishidan, oshkoralikdan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, ular saylaydigan, tasdiqlaydigan yoki tayinlaydigan mansabdor shaxslar vakillik organi oldida mas’ul bo’lishidan va hisob berib turishidan, qonuniylikdan, fuqarolarni davlat ishlarini boshqarish ishiga keng ko’lamda jalb etishidan, jamoatchilik fikrini doimo hisobga olishidan iborat. O’zbekiston Respublikasida Davlat hokimiyati vakillik organlari tarkibiga oliy vakillik organi — Oliy Majlis va mahalliy vakillik organlari — hokim boshchilik qiladigan viloyat tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari kiradi. Oliy Majlis fuqarolar tomonidan hududiy saylov okruglari bo’yicha ko’p partiyali saylov asosida 5 yil muddatga saylanadigan 250 nafar deputatdan iborat. 18 yoshga yetgan fuqarolar Oliy Majlisga saylash, 25 yoshga yetgan fuqarolar saylanish huquqiga ega. Deputatlar o’z saylovchilarining, deputatlikka nomzod qilib ko’rsatgan tegishli siyosiy partiya yoki Davlat hokimiyati vakillik organlarining vakili hisoblanadi. Oliy Majlisning huquqiy maqomi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 5-bo’lim 18-bobida, O’zbekiston Respublikasining Oliy Majlis to’g’risidagi konstitutsiyaviy qonunida (1994 yil 22 sentabr) va Oliy Majlis reglamentida belgilab berilgan. Mahalliy vakillik organlariga deputatlar 5 yil muddatga 18 va undan yuqori yoshdagi fuqarolar tomonidan saylanadi, saylanish huquqi 21 va undan yuqori yosh qilib belgilangan. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqiy maqomi hamda vakolatlari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 5-bo’lim 21-bobida hamda “Mahalliy davlat hokimiyati to’g’risida”gi qonunda (1993 yil 2 sentabr) belgilangan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz