DAVLAT CHEGARASI



DAVLAT CHEGARASI — davlatning quruqlik va suvdagi doirasini belgilaydigan chiziq. Bu chiziq ustidan o’tadigan vertikal sath shu davlatning havo chegarasi hisoblanadi. Xalqaro huquqqa binoan qo’shni davlatlar o’rtasidagi Davlat chegarasi shartnoma tartibida belgilanadi. Davlat chegarasini belgilash 2 bosqichda amalga oshiriladi: chegarani delimitasiya qilish (Davlat chegarasi yo’nalishini belgilash va uni shartnomaga ilova qilinadigan xaritaga tushirish) va chegarani demarkasiya qilish (chegara belgilari yordamida joyda chegarani belgilash). O’zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini belgilash, o’zgartirish, himoya qilish va qo’riqlash sohasidagi munosabatlar “O’zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to’g’risida”gi qonun (1999 yil 20 avgust) bilan tartibga solinadi. 2000 yil 1 yanvardan kuchga kirgan ana shu qonunga ko’ra, Davlat chegarasini belgilash va o’zgartirish O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga asosan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi. Davlat chegarasi joylarda aniq ko’rinib turadigan chegara belgilari bilan ko’rsatib qo’yiladi. Chegara belgilarining shakllari, o’lchamlari va ularni o’rnatish tartibi qonun hujjatlari hamda O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan belgilanadi. Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari, tovarlar, boshqa mol-mulk va hayvonlarni o’tkazish belgilangan o’tkazish punktlari orqali amalga oshiriladi. Davlat chegarasi orqali o’tkazish punktlarida chegara, bojxona nazorati va nazoratning boshqa turlarini amalga oshiruvchi hududlar belgilanadi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qo’shimcha rejim qoidalari joriy etiladi. Davlat chegarasi rejimini ta’minlash uchun chegara oldi zonasi va chegara oldi mintaqasi belgilanadi. Chegara oldi zonasi — Davlat chegarasiga tutash hududning bir qismi bo’lib, u Davlat chegarasiga tutash tuman, shahar, shaharcha, qishloq, ovul hududi doirasida belgilanadi. Chegara oldi mintaqasi — chegara oldi zonasining Davlat chegarasi chizig’iga bevosita tutash qismi bo’lib, u bevosita Davlat chegarasi bo’ylab, uning quruqlik uchastkalarida yoki chegara bo’yi daryolari, ko’llari va boshqa suv havzalari qirg’og’i bo’ylab o’tkaziladi. Davlat chegarasini himoya qilish va qo’riqlash bo’yicha maxsus vakolatli organ O’zbekiston Respublikasi davlat chegaralarini himoya qiluvchi qo’mitadir. Davlat chegarasi rejimiga rioya etilishiga doir masalalarni hal qilish, chegara nizolarini tartibga solish maqsadida Davlat chegarasining muayyan uchastkalariga mazkur qo’mitaning raisi O’zbekiston Respublikasining chegara vakillarini tayinlaydi. Shoenbek Karimboyev.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz