DAVLAT BUYURTMASI



DAVLAT BUYURTMASI – davlat talabi bilan (shartnoma yoki kelishuv asosida) korxona, tashkilot, xo’jaliklarga muayyan mahsulot turini belgilangan muddatlarda ishlab chiqarish va yetkazib berish, davlat ehtiyojlari uchun tegishli xizmatlar ko’rsatish, shuningdek, ishlab chiqarish, noishlab chiqarish va ilmiy tadqiqot ishlarini bajarish va boshqalar; iqtisodiyotni davlat tomonidan boshqarish (tartiblash) vositalaridan biri. Davlat buyurtmasi asosan umumdavlat va ijtimoiy vazifalarni hal etish, ilmiy-texnikaviy dasturlarni bajarish, mamlakat mudofaasini mustahkamlash va iqtisodiy mustaqillikni ta’minlash, ijtimoiy ishlab chiqarishni rivojlantiruvchi eng muhim ilmiy tadqiqotlar va ilmiy ishlanmalarni amalga oshirish, qishloq xo’jalik mahsulotlari yetkazib berish, davlatning markazlashgan mablag’lari hisobidan ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalar uchun yangi quvvatlar, ob’yektlar yaratish va boshqa maqsadlarda beriladi. Davlat buyurtmasi davlat organlari (tashkilotlari) tomonidan tanlov (tender) asosida joylashtiriladi. Uni bajarish maxsus shartnoma bilan kelishiladi va birinchi navbatda ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish mo’ljallanadi. Davlat buyurtmasini bajarish korxonalarga muayyan imtiyozlar yaratadi, davlat xom ashyo ta’minoti, ish o’rinlari va mahsulot sotilishini kafolatlaydi. Davlat korxonaga zarur moddiy resurslarni buyurtmachi sifatida yetkazib beradi va korxonadan mahsulotni kelishilgan narxlarda xarid qiladi. Mamlakatlar bozor iqtisodiyotiga o’tishi bilan Davlat buyurtmasining hissasi keskin kamayib boradi. Ammo ba’zi doiralar (masalan, mudofaa, fan, sog’liqni saqlash, bolalar iste’moli mollari ishlab chiqarish va boshqalar) da Davlat buyurtmasi saqlanib qoladi. Masalan, hozirgi O’zbekistonda qishloq xo’jalik ekinlaridan faqat paxta va don uchun (1996 yildan xo’jaliklarda yetishtirilgan paxta tolasi va don bo’yicha 50% darajasida) Davlat buyurtmasi saqlanib qolgan. Erlis Aliqulov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz