Davlat belgisi ishlab chiqarish birlashmasi




Davlat belgisi davlat unitar korxonasi , Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi „Davlat belgisi“ DUK  – Oʻzbekistonda davlatning turli hujjatlari (pasport, sertifikat, qimmatli qogʻozlar, davlat mukofotlari banknotlar va boshqa) ni tayyorlaydigan birlashma.

Bosma fabrikasi (Angliyaning „Harrison va oʻgʻillari“ firmasi bilan hamkorlikda qurilgan), qogʻoz fabrikasi (Germaniyaning „Luizental“ qogʻoz fabrikasi bilan hamkorlikda qurilgan) va Toshkent zarbxonasiga ega. Qalbakilashtirishdan himoyalangan qimmatli qogʻozlar, pasport qogʻozlari, aksiz markalar uchun qogʻozlar, pul bosiladigan qogʻozlar; banknotlar, sertifikatlar, lotereya biletlari, veksellar, cheklar, aksiz va pochta markalari, kolleksiya va esdalik tangalari toʻplami, esdalik nishonlari va boshqa ishlab chiqaradi. Birlashmada mazkur jarayonlar uchun barcha imkoniyatlar mavjud (zamonaviy texnika va texnologiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariyada taʼlim olgan yuqori malakali mutaxassislar, ishlab chiqarishdagi umumiy xavfsizlik).

Ilk mahsulotini Bosma fabrikasi bergan. Shuningdek, 1994-yil 1-iyuldan muomalaga kiritilgan Oʻzbekistan Respublikasining milliy valyutasi – soʻm ham mazkur fabrikada tayyorlanadi. Qogʻoz fabrikasi 1995-yildq foydalanishga topshirilgan. Zarbxona esa bu tizimdagi yangi korxona.

Tarixi



Ikkinchi jahon urushi davrida Moskva Goznak bosma fabrikasi jihozlari va mutaxassislarining bir qismi Toshkentga evakuatsiya qilingan. Koʻchirilgan qurilmalar 1942-yil fevral oyida shay holatga keltirilgach, SSSR Moliya xalq komissarligining 1942-yil 25-avgustdagi B-244-son buyrugʻi bilan Goznakning tarkibiy korxonalaridan biri sifatida qayd etilgan Toshkent bosma fabrikasi ish boshladi. Zavod 1944-yilning fevraligacha ishladi va qimmatli qogʻozlar hamda banknotlar chop etdi.

Oʻzbekistonda mustaqillikka erishgach, banknotlar va himoya hujjatlari va qogʻozlar ishlab chiqarishga ehtiyoj paydo boʻldi. 1992-yilda Angliyaning „Harrison va oʻgʻillari“ kompaniyasi bilan hamkorlikda Toshkent bosma fabrikasi qurildi va jihozlandi.

1993-yil aprel oyida ushbu korxona negizida „Davlat belgisi“ ishlab chiqarish birlashmasi tashkil etildi.

1994-yilgi pul islohoti davrida Davlat belgisi yangi turdagi milliy valyuta – soʻmning dizaynini ishlab chiqdi va bosishni boshladi. Oʻsha yili Luizental qogʻoz fabrikasi bilan hamkorlikda Toshkent qogʻoz fabrikasini qurish boshlandi. Fabrikada banknot qogʻozlarini emissiya qilish 1995-yilda boshlangan.

Faoliyati



Bugungi kunda „Davlat belgisi“ davlatning oʻz mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini toʻliq qoplaydigan zamonaviy yuqori texnologiyali ishlab chiqarish hisoblanadi. Korxonaning texnik jihozlari eng yuqori xalqaro standartlar va talablarga javob beradi. Korxona mahsulotlari qatoriga yuqori himoyalangan qimmatli qogʻozlar, pasportlar, banknotlar, pochta va aksiz markalari, veksellar va cheklar kiradi.


Toshkent qogʻoz fabrikasi



Toshkent qogʻoz fabrikasi 1995-yilda ishga tushirilgan. Asosiy mahsulotlari – bu koʻrinadigan va koʻrinmaydigan tola bilan turli darajadagi himoyalangan qogʻozlar, himoya iplari, turli xil konfiguratsiya va murakkablikdagi suv belgilari, xususan oʻzining Atelyesida ishlab chiqilgan suv belgilari. Banknot qogʻozini ishlab chiqarishning oʻziga xos xususiyatlaridan biri bu paxta tolasidan foydalanishdir, chunki Oʻzbekiston dunyodagi yirik paxta yetishtiruvchi mamlakat hisoblanadi. Zavod mahsulotlari Rossiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Gruziya, Fransiya, Bangladesh va Kambodjaga eksport qilinadi.

Qogʻoz fabrikasi shuningdek, yozuv qogʻozi, rangli qogʻoz va karton ishlab chiqaradi

Toshkent zarbxonasi



„Toshkent zarbxonasi“ Davlat belgisi DUKning tarkibiy korxonalaridan biri.

Toshkent tarixidagi zarbxonalar



Toshkent vohasi, tarixiy Shosh (Choch) hududidagi ilk davlat tuzilmalaridagi ilk tangalar milloddan avvalgi 3-asr oʻrtalariga toʻgʻri keladi, tangalar zarb qilinishini eramizning birinchi ming yilliklarida kuzatish mumkin. Toshkent nomi ilk bor XI asr boshlariga oid tangalarda uchraydi.

XV asrning Temuriylar davri va keyingi Shayboniylar davrining XV oxiri – XVI asr boshlarigacha Toshkent zarbxonasida zarb qilingan koʻplab mis tangalar maʼlum (Ulugʻbek davridagi pul islohotida mis tangalarda zarbxona nomi koʻrsatilgan).

Toshkent zarbxonasi 17—18-asrlarda Ashtarxoniylar davlatining beshta zarbxonasidan biri boʻlib, qolganlari Buxoro, Samarqand, Balx va Hisorda joylashgan. Oxirgi Ashtarxoniy hukmdor – Abdulgʻozixon davrida Toshkentda pul zarb qilish kamayib borgan va toʻliq Buxoroga koʻchirilgan.

Hozirgi holati



Toshkent zarbxonasi mahsulotiga tangalar, jumladan, qimmatbaho metallardan yasalgan esdalik tangalar, davlat mukofotlari, nishonlar, esdalik belgilari va sport medallari kiradi.

Adabiyot




Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz