Davidova Berta Zaurovna
Berta Davidova — o‘zbek mumtoz qo‘shiq san’atining taniqli namoyondasi, noyob ovoz sohibasi, O‘zbekiston xalq artisti.
Berta Davidova 1922 yil Marg‘ilonda tavallud topgan. 1935-1938 yillar Toshkent tibbiyot texnikumida o‘qigan. Ikkinchi jahon urushi yillari Toshkent harbiy kasalxonasida hamshira bo‘lib ishlab, havaskor badiiy jamoalar tarkibida bo‘lgan, yaralangan xarbiy xizmatdagilar uchun uyushtirilgan konserlarda faol ishtirok etgan.
Artistning bama’ni ijodiy tarjimai xoli 1943 yil O‘zbekiston Davlat radio qo‘mitasi xor jamoasida solistlikdan boshlangan. Berta Davidovaning keyingi, qirq yildan ziyod mehnat va ijod yo‘li ushbu jamoa bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan, xususan, maqomchilar ansambli bilan.
Bu davr mobaynida o‘zining yuqori ijrochilik mahorati bilan u muxlislari orasida taniladi va mamlakatimizning taniqli artistlari sirasidan muhim o‘rin egallaydi. Milliy qadriyatimizning bebaho qo‘shiqlari bo‘lmish “Shoshmaqom”, shuningdek, “Munojot”, “Fig‘on”, “Saraxbori oromijon”, “Samarqand ushshog‘i”, “Dugoh”, “Bayot-1” kabi mumtoz qo‘shiqlar uning ijrosida xalqimizning nodir musiqa xazinasiga aylangan.
Berta Davidova umri davomida nafaqat yuqori malakali ijrochi, balki milliy san’atimizning fodokor targ‘ibotchisi ham bo‘lgan. Yirik madaniy-ommaviy tadbir, konsertlarda ishtiroki bilan birga, u alohida shahar, qishloqlarda chiqishlar qilib, o‘zining yorqin san’atini namoyish qilgan va xalq hurmatiga sazovor bo‘lgan.
Berta Davidova o‘nlab yosh iqtidor sohibalari bilan kasb sirlari mahorati bilan o‘rtoqlashgan, ko‘p yillar mobaynida u respublika radiosi huzuridagi maqomchilar ansamblida va O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining an’anaviy ijro mahorati kafedrasida samarali ishlaydi.
Berta Davidova madaniyatimiz va san’atimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, uning jamoat va madaniyat hayoti oldidagi xizmatlari yuqori baholanib, “O‘zbekiston xalq artisti” sharafli unvoni va “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.
2007 yil 11 avgust kuni vafot etgan. Toshkentdagi Buxoro-nasroniylar markaziy xiyoboniga (Allon dahasi) dafn etilgan.
Manba: arboblar.uz
Uzpedia.uz