DAVID (DAVID) JAK LUI
DAVID (DAVID) JAK LUI (1748.30.8, Parij — 1825.29.12, Bryussel) — frantsuz rassomi, inqilobiy klassisizmning yetakchi namoyandasi. Parijdagi Qirollik rassomlik va haykaltaroshlik akademiyasida (1766-74; 1784 yildan akademik), 1775-80 yillarda Rimda ta’lim olgan. Qadimgi tarixiy mavzulardagi asarlarida klassisizm xususiyatlari ko’zga tashlanadi (“Gorasiylar qasamyodi”, 1784; “Liktorlar Brutga uning o’g’li jasadini keltirmoqdalar”, 1789 va boshqalar). Ulug frantsuz inqilobi (1789-94) da faol qatnashgan, yakobinchilar Konventi a’zosi bo’lgan. Qahramon zamondoshlari qiyofasini aks ettirgan asarlar yaratgan (“To’p o’ynaydigan zalda qasamyod”, 1791; “Maratning o’limi”, 1793 va boshqalar). Termidorianlar to’ntarishidan so’ng inqilobiy harakatdan chetlashdi. Direktoriya yillari, keyinroq imperiyada Davats Napoleonning birinchi rassomi bo’lgan. Ko’rinishda yoqimli, tantanavor (saroybop) asarlar (“Napoleon Sen-Bernardan o’tishda”, 1800; “Napoleonning Jozefinaga toj kiydirishi”, 1805-07 va boshqalar), o’ta nafis portretlar (“Madam Rekame”, 1800 va boshqalar) yaratdi. Ayni paytda realistik portretlari ham dunyoga keldi (“Grendl oilasidan o’smir portreti”, 1816 va boshqalar). Burbonlar hokimiyatga qaytishi bilan Bryusselga ketadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz