Daugava
Daugava (latishcha: Daugava) — Latviya, Belarus va Rossiyadagi daryo (Rossiyada
Gʻarbiy Dvina deb ataladi). Uz. 1020 km, havzasi maydoni 87,9 ming km². Valday qirlaridan boshlanib, Volganing boshlanish qismidan gʻarbroqda Boltiq dengizining Riga qoʻltigʻiga quyiladi. Irmoqlari: chapda — Meja, Kasplya, Luchesa, Ulla, Disna; oʻngda — Toropa, Drissa, Dubna, Ayviyekste, Ogre. Qor, grunt suvlaridan toʻyinadi. Oʻrtacha suv sarfi quyilish joyida 678 m³/sek. Dekabrdan martgacha muz oqib turadi. Daugavada 3 ta GES (Kegum, Plyavin, Riga) bor. Daryoning ayrim qismlarida kema qatnaydi. Berezina kanali orqali Dnepr daryosi bilan bogʻlangan. Daryo boʻyida Vitebsk, polotsk, Daugavpils, Yekabpils, Gʻarbiy Dvina shaharlari, quyilish joyida Riga shahri va dengiz porti joylashgan.
uz.wikipedia.org