DASTLABKI TERGOV



DASTLABKI TERGOV – sudgacha tergov yo’li bilan dalil to’plash. Dastlabki tergov davomida jinoyat va jinoyatchini aniqlash, ishni to’g’ri hal etish uchun ahamiyatli bo’lgan hamma holatlar bo’yicha dalillar yig’iladi va tekshiriladi, muayyan shaxsni jinoyatni sodir qilganlikda ayblov masalasi hal etiladi. Surishtiruv o’tkazilgan ishlar bo’yicha Dastlabki tergov surishtiruv tugallanganidan keyin olib boriladi. O’zbekiston JPK bo’yicha, Dastlabki tergov majburiy bo’lib, u barcha jinoyat ishlari bo’yicha o’tkazilishi shart. Dastlabki tergovni prokuratura, ichki ishlar organlari va milliy xavfsizlik xizmati tergovchilari olib boradi, uni prokurorlar qam o’tkazishi mumkin. Jinoyat qayerda sodir etilgan bo’lsa, jinoyat ishi o’sha tuman (shahar) tergovchisining tergoviga tegishli bo’ladi. Tergovchi jinoyatlarning oldini olish va ularni fosh etish uchun jamoatchilikni jalb qilishga haqlidir. Shu maqsadda u jamoat birlashmalari, jamoalar va aholiga jinoyat ishi uchun ahamiyatga molik ma’lumotlar haqida xabar qilishni, qidirilayotgan shaxslar yoki narsalar turgan joyni ko’rsatishni so’rab, murojaat etadi. Jamoat birlashmalari va jamoalar tergovchining iltimosiga ko’ra, ayrim tergov harakatlarida ishtirok etish uchun o’z oralaridan xolislar, tarjimonlar, mutaxassislarni tavsiya qilishlari mumkin, ularga nisbatan tegishli prosess ishtirokchilarining huquqlari va burchlari to’g’risidagi qoidalar to’liq tatbiq etiladi. Dastlabki tergov boshlanishida tergovchi jinoyat ishini qo’zg’atib, uni o’z ish yurituviga oladi va bu haqda ish qo’zg’atilganligi to’g’risidagi qarorga yozib qo’yadi. O’zbekiston Respublikasi JPKga binoan, Dastlabki tergov jinoyat ishi qo’zg’atilgan kundan boshlab, ikki oydan oshmagan muddatda tamomlanishi lozim.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz