Dastlabki sinov




Dastlabki sinov  — OʻzR MKning 84-m.siga asosan xodimni ishga qabul qilish chogʻida uning topshirilayotgan ishga layoqatliligini tekshirib koʻrish, xodim mehnat shartnomasida shartlashilgan ishni davom ettirishining maqsadga muvofiqligi haqida bir qarorga kelishiga imkon berishidir.

Dastlabki sinovni oʻtash haqida mehnat shartnomasida shartlashilgan boʻlishi lozim. Bunday shartlashuv boʻlmagan taqdirda xodim dastlabki sinovsiz ishga qabul qilingan deb hisoblanadi.
Homilador ayollar, uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar, korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslar ishga qabul qilinganda, shuningdek olti oygacha muddatga ishga qabul qilish haqida hodimlar bilan mehnat shartnomasi tuzilganda dastlabki sinov belgilanmaydi.

Ushbu Kodeksning 85-m.siga muvofiq, dastlabki sinovsiz muddati uch oydan oshib ketishi mumkin emas. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri va xodim uzrli sabablarga koʻra ishda boʻlmagan boshqa davrlar dastlabki sinov muddatiga kiritilmaydi.

Mazkur Kodeksning 86-m.siga binoan, dastlabki sinov davrida xodimlarga mehnat toʻgʻrisidagi qonun xujjatlari va korxonada oʻrnatilgan mehnat shartlari toʻliq tatbiq etiladi. Dastlabki sinov davri mehnat stajiga kiritiladi. Kodeksning 87-m.siga koʻra, dastlabki sinov muddati tugagunga qadar har bir taraf ikkinchi tarafni uch kun oldin yozma ravishda ogohlantirib, mehnat shartnomasini bekor qilishga xaqlidir. Bunday holda ish beruvchi mehnat shartnomasini sinov natijasi qoniqarsiz boʻlgandagina bekor qilishi mumkin. Agar dastlabki sinov muddati tugagunga qadar taraflardan birortasi ham mehnat shartnomasini bekor qilishni talab qilmagan boʻlsa, shartnomaning amal qilishi davom etadi va bundan keyin uni bekor qilishga umumiy asoslarda yoʻl quyiladi[2].

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz