DASHTI QIPCHOQ



DASHTI QIPCHOQ, Qipchoq Dashti — Sirdaryoning yuqori oqimi va Tyanshanning g’arbiy yon bag’ridan Dnepr daryosining quyi oqimiga qadar yoyilgan dashtlarni 11 — 15-asrlarga oid Arab va fors manbalaridagi nomi. “Dashti qipchoq”atamasini dastlab Nosir Xisrav (11-asr) qo’llagan. Bu davrda qipchoqlar Irtish daryosi sohillaridan g’arbga tomon ko’chib (1030 yil) Xorazmga qo’shni bo’lishgan va hozirgi Qozog’iston hududi, shuningdek, Janubi-rus dashtlarini egallashgan. Dashti qipchoq aholisi Sharq manbalarida — qipchoqlar, rus solnomalarida — poloveslar, Vizantiya xronikalarida — Kumanlar, Venger manbalarida kunlar deb atalgan. Dashti qipchoq 2 qism — Sharqiy va G’arbiy qismdan iborat bo’lib, yoyiq (Ural) daryosi ularning chegarasi sanalgan. G’arbiy qism Yoyiq va Itil (Volga) daryosidan to Dneprgacha bo’lgan hududdan iborat bo’lgan. 13-asrda Dashti qipchoqni mo’g’ullar bosib olib, tarixda Jo’ji ulusi nomi bilan mashhur Oltin O’rda davlatini barpo etganlar. 14-asr boshlarida Jo’ji ulusi 2 qismga bo’linib ketgan. Dashti qipchoqning Sharqiy qismida oq O’rda tashkil topgan. Dashti qipchoqning g’arbiy qismi rus yilnomalarida “Poloveslar yeri” nomi bilan uchraydi. 14-asr 60-yillaridan Sharqiy Dashti qipchoq “O’zbeklar mamlakati”, uning aholisi esa “o’zbeklar” deb atala boshlandi. 15-asrning 20-yildan boshlab Sharqiy Dashti qipchoqda Abulxayrxon va uning qarindosh-urug’lari hukmronlik qilgan. Dashti qipchoqning asosiy axolisi ko’chmanchi va yarim o’troq bo’lib, chorvachilik va ovchilik, Daryo va ko’l yoqalarida yashagan aholi dehqonchilik, shaharlari (saroy Botu, Saroy Berka, O’rda Bozor, Sig’noq, Arquq) dagi aholi esa hunarmandchilik va savdo-sotiq bilan shug’ullangan. 16-18- asrlarda Movarounnahr tarixshunosligida “Dashti qipchoq”atamasi uning Sharqiy qismi (hozirgi Qozog’iston) ni anglatgan. Ad.: Klyashtorniy S.G., Sultanov G. I., Kazaxstan. Letopis tryox tisyacheletiy, Alma-ata, 1992; Murad adji, Polin poloveskogo polya. M., 1994.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz