DASHT ZONALARI
DASHT ZONALARI — tabiiy landshaftlarida ko’p joyni dashtlar egallagan tabiat zonalari. Shimol va Janubiy yarim sharlarning mo’tadil va subtropik mintaqalarida tarqalgan. 1) mo’tadil mintaqalarning dasht zonalari. Iqlimi quruq, kontinental iqlim, suvayirg’ichlari o’rmonsiz. Qoratuproq, to’q kashtan va kashtan tuproqlarda o’tsimon, ko’proq boshoqli o’simliklar o’sadi. Yevrosiyo, Shimoliy Amerika hududlarida yaqqol ko’zga tashlanadi, Janubiy Amerikaning Janubda ham uchraydi. Dasht zonalari yuzasida jami quyosh radiatsiyasining ko’lami yiliga 500-580 kJ/sm2 (120— 140 kkal/sm2), radiatsiya balansi 145— 190 kJ/sm2 (35-45 kkal/ sm2). Mo’tadil issiq, yog’in kam, quyoshli yoz kam qorli sovuq qishga tez o’tadi. Shimoliy yarim sharda iyulning o’rtacha temperaturasi 20-24°, yanvarniki 0° dan — 30° gacha (O’rta Sibirning Janub va Markaziy Osiyoda). Yiliga 200 millimetrdan 400 millimetrgacha yog’in tushadi. Qurg’oqchilik bo’lib turadi. Qishda qor bo’ronlariga, yozda esa garmsel (Suxovey) va to’zonga aylanadigan kuchli shamollar bo’lib turadi. Daryo kam, suv miqdori mavsumga qarab keskin o’zgarib turadi. G’ovak, lyossimon jinslarning keng tarqalganligi jarlar hosil bo’lishiga, tabiiy o’simlik qoplamining keskin kamayishiga olib keladi. Qoratuproqlar gumus va karbonatlarga boy bo’lgani uchun unumdor. To’q kashtan va kashtan tup-roklarda gumus kam, sho’rtob bo’lganidan unumdorligi past. Dasht zonalarining asosiy qismi haydalib ekinzorlarga aylantirilgan. Tabiiy o’simliklardan bo shoklilar bilan chalov, betaga, chillak-oyoq, qo’ng’irbosh Zabaykale va Markaziy Osiyo dashtlarida, bizon o’ti, daraxtsimon o’simliklar shimoliy Amerikaning preriyalarida saqlanib qolgan. Ayrim joylarda butalar, Daryo kayirlarida o’rmonlar uchraydi. Bahorda efemer va efemeroidlar usadi. Yevrosiyo Dasht zonalarining g’arbida qarsoq tulki, bo’ri, sichqon, dasht olaquzani, bo’rsiq, yumronqoziq, ko’rsichqon, qo’shoyoq, sharqida jayran, Daur kirpisi va boshqalar, Shimoliy Amerikada bizon, burama shoxli antilopa, dasht bo’risi, yumronqoziqning bir necha turi, Qozog’istonda dasht burguti, to’rg’ay, sudralib yuruvchilardan dasht qora iloni, kaltakesak, sariq qorinli chipor ilon, cho’l baqasi yashaydi. Sharqiy Yevropa tekisligida qo’riq dashtlar faqat qo’riqxonalarda qolgan. Qurg’oqchilik ko’p bulganligidan, suv va shamol eroziyasi tufayli dehqonchilik meliorasiyaga muhtoj. Dashtlarning tabiiy landshafti Janubiy Sibirning botiqlarida va Markaziy Osiyo tog’larida yaxshi saqlangan; 2) subtropik mintaqalarning dasht zonalari — iqlimi quruq issiq, tabiiy landshaftlarda o’t va buta o’simliklari o’sadi. Asosan 25° va 40° sh. k. va j. k.lar orasida joylashgan. Shimoliy Amerikada Kaliforniya vodiysida, Kolorado platosida, Buyuk tekisliklarning Janubiy qismida, Meksika tog’ligining ichki qismida uchraydi. Janubiy Amerikada Laplata pasttekisligining va and tog’oldilaridagi pampalarla, Avstraliyada — materikning Janub va Janubiy-g’arbiy qismidagi tekisliklarda, Zakavkazeda kura-Araks pasttekisligining tog’oldi qismlarida uchraydi. Dasht zonalari yuzasida jami quyosh radiatsiyasining ko’lami yiliga 580-790 kJ/sm2 (140-180 kkal/sm2), radiatsiya balansi 210-290 kJ/sm2 (50-70 kkal/sm2). Qishi iliq, qorsiz, eng sovuqoyning o’rtacha havo t-rasi 5-12°, onda-sonda sovuqurish kuzatiladi. Yozi issiq, eng issiq oyning o’rtacha temperaturasi 20-25°, vegetatsiya davrini 3-4 oygacha qisqartiradigan tez-tez kuchli qurg’oqchilik bo’ladi. Yiliga 500— 600 millimetr yog’in tushadi, materiklarning sharqida maksimum yogin yozda, g’arbida esa qishda bo’ladi. Yer ustki oqimlari kam, daryolari kamsuv, qurg’oqchil mavsumlarda ko’pincha qurib qoladi. Tuproqlarida temir va alyuminiy oksidlari ko’p. Tuproqlarning minerallashish jarayonlari mavsumiy bo’lib, qurg’oqchil davrda to’xtaydi yoki keskin kamayadi. Ko’p joylarda sho’rlangan tuproqlar shakllanadi. Tabiiy o’simliklar tarkibida chimli boshoqlilar, ayrim joylarda butalar uchraydi. Daryo vodiylari o’rmonzor. Daryolar oralig’ida ba’zan daraxtzorlar uchraydi. Hayvonot dunyosida kemiruvchilar, tez chopar tuyoqlilar, shuningdek, sudralib yuruvchilar, hasharotlardan to’g’riqanotlilar uchraydi. Xo’jaligi yaylov chorvachiligi va dehqonchilikka ixtisoslangan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz