DARZANGI
DARZANGI — O’zbekistonning Janubidagi qadimgi shahar xarobasi (milodiy 1 — 13-asr boshi). Surxondaryo viloyatidagi Bandixonsoy (Ko’kjara)ning Surxondaryoga quyilish yerida, Qumqo’rg’onning g’arbidagi Jaloir qishlog’i yaqinida, Termizdan 62 kilometr masofada joylashgan. Shahar xarobalari 50 gektar maydonni egallaydi. Arab geograflarining bergan ma’lumotlariga ko’ra, Darzangi aholi zich yashaydigan go’zal shahar bo’lib, atrofi xandaq bilan o’rab olingan, jome masjidi bozorlar orasida joylashgan, shahar aholisi “Chag’oniyon daryosi” suvidan ichgan, shuningdek, shahar chetidan yana bir boshqa Daryo ham o’tgan. Darzangi aholisi asosan to’qimachilik bilan mashg’ul bo’lib turli xil liboslar tikishgan, shuningdek, pichoq qinlari, tasmalar, namat, gilamlar ishlab chiqarish bilan mashhur bo’lishgan. Darzangida chekka o’lkalarga chiqarish uchun jundan maxsus “chaydam” matosi tayyorlangan, uning ko’rinishi yupqa kigizga o’xshash bo’lib, u jun adyol yoxud yomg’irpo’sh vazifasini o’tagan (Mahmud Koshg’ariy). Shahar xarobasidan chiqqan arxeologik topilmalar to’qimachilik Kushon podsholigi davridan boshlab Darzangi aholisining an’anaviy mashg’uloti bo’lib kelganligini tasdiqlaydi. Ad.: Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz