DARYOLARNI HAVZALARARO OQIZISH



DARYOLARNI HAVZALARARO OQIZISH — xalq xo’jaligi maqsadlarida sersuv Daryo havzalaridagi suvning bir qismini kamsuv Daryo havzalariga o’tkazish; suv resurslarini hududiy qayta taqsimlash. Muayyan mintaqa va mamlakatlarda daryolarning notekis joylashganligi Daryolarni havzalararo oqizishga zarurat tug’diradi. Orol dengizi havzasining asosiy daryolari Amudaryo (Zarafshon, Qashqadaryo, Murg’ob, Tajan va boshqalar) va Sirdaryo (Norin, Chirchiq, Aris va boshqa irmoqlari bilan) suvlari butunlay sug’orish va yaylovlarni suv bilan ta’minlash uchun sarflanadi. Havzaning o’z suv resurslaridan to’la va samarali foydalanish yo’llarini izlash bilan birga 80-yillar boshlarida qo’shni sersuv Kara dengizi (ob va Yenisey Daryo havzalari) havzasi suvlarini Orol dengizi havzasiga oqizish g’oyalari o’rtaga qo’yildi va loyiha ishlari bajarildi. Hoz. sharoitda suv resurslarini bir havza ichida qayta taqsimlash bo’yicha yetarli tajriba to’plangan. Jumladan, Orol dengizi havzasida Daryo suvining bir kismini kamsuv daryolarga oqizishga imkon beradigan yirik suv magistrallari qurildi: Qoraqum kapali (Amudaryo suvining bir qismini Murg’ob, Tajan va Atrek Daryo havzalariga yetkazib beradi); Amu-Buxoro mashina kanali (Amudaryo-Zarafshon); qarshi mashina kanali (Amudaryo-Qashqadaryo); Amu-zang kanali (Amudaryo-Surxondaryo) va boshqalar. Daryolar suvini bir havzadan boshqasiga oqizish texnika nuqtai nazaridan suv resurslarini qayta taqsimlashning birmuncha murakkab usuli hisoblanadi. Daryolarni havzalararo oqizishning ekologik va meliorativ oqibatlari har tomonlama puxta tadqiq qilinishi lozim. Suv resurslarini havzalararo oqizish (qayta taqsimlash) sxemalari bo’yicha ilmiy tadqiqot va loyihalash, texnika-iqtisodiy ishlarni ilmiy tadqiqot institutlari bajaradi. Toshtemir Bekmurodov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi

Uzpedia.uz