DARYO TRANSPORTI
DARYO TRANSPORTI — transportning asosiy turlaridan biri; tabiiy (Daryo, ko’l) va sun’iy (kanal, suv ombori va boshqalar) suv havzalari orqali yuk va yo’lovchi tashiydi. Vazifasiga ko’ra, bir qancha davlatlar o’rtasida tashqi savdo aloqalarida yuk tashishga xizmat qiluvchi magistral Daryo yo’llarida (mas, Dunay, Oder, Reyn, Amur, Paragvay va boshqalar), mamlakat ichida yirik mintaqalararo (masalan, Yantszi, Volga, Missisipi), ichki hududiy aloqalarga xizmat ko’rsatadigan mahalliy (hudud ichida) Daryo transporti turlari mavjud. Daryo transporti kemalari foydalanish maqsadlariga ko’ra transport, texnik va yordamchi kemalariga bo’linadi. Transport kemalari tarkibiga yo’lovchi, palubasida quruq yuk tashuvchi, tryumiga suyuq yuk to’ldiriladigan yoki palubasida maxsus baklar o’rnatilgan suyuq yuk (neft, neft mahsulotlari) tashuvchi, suruvchi va shatakchi kemalar kiradi. Texnik flot da daryolar tubini chuqurlashtiruvchi snaryadlar, suv yo’llarini sozlashga xizmat ko’rsatadigan yordamchi kemalardan foydalaniladi. Yordamchi kemalar ga ta’mirlash ustaxonalari, suzuvchi magazinlar, kemalar, paromlar, qum va shag’al qazib oladigan jihozlar va boshqalar kiradi. Daryo transportida bug’, yonilg’i, elektr energiyasi, gaz dvigatellari yordamida harakat qiladigan kemalar (paroxod, teploxod, elektroxod) hamda barja va sollardan foydalaniladi. Daryo transportida yuk va yo’lovchilarni tashish quruqlikda harakat qiluvchi transportga nisbatan ancha arzon (avtomobil transportiga nisbatan 3-5 marta). Yuk va yo’lovchilarni manzilga yetkazishda Daryo transportidan foydalanish qadimdan ma’lum. Miloddan ming yillar ilgari Mesopotamiya (Dajla va Furot daryolari) va Misr (Nil daryosi) da eshkakli va hatto, yelkanli kemalar ishlatilgan. Dunyoda Daryo yo’llarining umumiy uzunligi 550 ming kilometrga yaqin. Yevropada Daryo transporti birmuncha yaxshi rivojlangan. Masalan, Polshada Odra, Visla daryolari, Germaniyada quyi Oder, O’rta Elba va boshqalar, Vengriyada Dunay, Tisa, Kyoryosh, Frantsiyada Reyn, Rossiyada Volga daryolarida yuk va yo’lovchi tashuvchi kemalardan keng foydalaniladi. Shuningdek, AQSh, Braziliya, Kanada va boshqa davlatlarda ham yuk tashishda Daryo transporti muhim ahamiyatga ega. O’rta Osiyoda qadimdan Amudaryo va Sirdaryoda qayiqlardan transport turi sifatida foydalanilgan. 18-asrda Rossiyaning boshqa mamlakatlar bilan savdo munosabatlari O’rta Osiyoda Daryo transportining rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatdi. Jahon bozorida rus xom ashyosi (yog’och, don, kanop, momiq) va Rossiya orqali o’tadigan Sharq tovarlari (choy, ipak, paxta va boshqalar) ga talab ortdi. 1847 yilga kelib Orol dengizining shimol qirg’og’i va quyi Sirdaryoni egallagan Rossiya ruslarning tayanch punktlarini qo’riqlash va yangi hududlarni o’rganishga mo’ljallangan Orol harbiy flotiliyasini tuzdi. Amudaryoda bug’ bilan yuradigan kemalarning uzluksiz qatnovi 1873 yildan yo’lga qo’yildi (shu yilning aprelda Orol dengizidan Nukus shahrigacha birinchi kema yurdi). 1877 yilda daryoning Chorjo’ygacha bo’lgan qismi ham o’rganildi, suv yo’li uzaytirildi. 1887 yilga kelib Rossiyaning O’rta Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy mavqeini mustahkamlash maqsadida Amudaryo harbiy flotshshyasi tashkil etildi (Amudaryo harbiy flotiliyasini tashkil etish to’g’risidagi qaror 1893 yilda tasdiqlangan). 1913 yilda flotiliyada 8 paroxod, 14 barja bo’lib, ular garnizonlarga xizmat ko’rsatish, To’rtko’ldan Termizgacha bo’lgan masofaga doimiy pochta, yo’lovchi va yuk tashishni yo’lga qo’yishga mo’ljallangan edi. 1923 yilda Amudaryo harbiy flotiliyasi natsionalizasiya qilindi va “O’rta Osiyo paroxodchiligi” aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Kema va qayiqlar qatnaydigan suv yo’llarining umumiy uzunligi 887 kilometr edi. O’sha davrda O’rta Osiyo suv yo’llarida umumiy yuk ortish quvvati 7 ming tonna bo’lgan 20 kema va 50 barja, umumiy yuk ortish quvvati 24 ming tonna bo’lgan 1500 qayiq bor edi. 1923 yilda boshqaruv idorasi Toshkentda joylashgan O’rta Osiyo paroxodchilik boshqarmasi tuzildi (1934 yilda boshqarma Chorjo’yga ko’chirildi, 1956 yildan O’rta Osiyo paroxodchiligi sobiq Ittifoq dengiz floti vazirligi ixtiyoriga o’tkazildi). 1930 yilda Toshkentda dengiz texnikumi ochildi (1939 yilda Chorjo’yga ko’chirilgan). Xorazm vohasi, Qoraqalpog’iston, Tojikiston, Turkmaniston Daryo transporti 50-yillarning 2-yarmigacha bu hududlarning iqtisodiy rivojida muhim o’rin tutdi. 1950 yil Termizda Daryo porti ochildi, 1952 yilda Xo’jaylida kema ta’mirlash zdi qurildi. Amudaryo sohillarida yangi Sharlavuq, To’rtko’l, Beruniy, Qoratov, Xo’jayli bandargoh (pristan)lari foydalanishga topshirildi. 1980 yilga kelib O’zbekistonda suv yo’llarining umumiy uzunligi 2800 kilometrga yetdi. Amudaryoda Panj (Tojikiston) bandargohidan Mo’ynoqqa qadar paroxodlar qatnovi amalga oshirildi. Daryo suvining kamayishi va Orol dengizining qurib borishi natijasida suv yo’llari keskin qisqardi, ammo shunga qaramay 1980 yil Daryo transportida 1420 ming tonna yuk tashildi. 1991 yilda O’rta Osiyo respublikalari mustaqillikka erishganlaridan keyin O’rta Osiyo paroxodchiligi boshqarmasi mulki Turkmaniston, O’zbekiston, Tojikiston o’rtasida taqsimlandi. 1994 yil 11 mayda O’zbekistan Respublikasida joylashgan Daryo floti bo’linmalarini boshqarish tartibi qayta tashkil etildi. O’rta Osiyo paroxodchiligining O’zbekistondagi mulki va bo’linmalari negizida “Termiz Daryo porti”, “Xorazm Daryo floti”, “Qoraqalpog’iston Daryo floti” ishlab chiqarish birlashmalari tashkil etildi (1995). 2001 yil iyun oyidan O’zbekistan avtomobil va Daryo transporti agentligi (1998) ning kemachilik registri va kemachilik inspektsiyasi bo’limi flotning texnik holati va suv yo’llarining holatini nazorat qilish ishlarini olib boradi. Respublikada Termiz Daryo porti, Sharlavuq, To’rtko’l, Beruniy, bratov, Xo’jayli bandargoxlari, Amudaryo orqali To’rtko’l — Xonqa, chalish — Beruniy suzma ko’priklari, Xo’jayli kema ta’mirlash zavodi bor (2001). Termiz Daryo porti yiliga 2 million tonnadan ortiq yukni qabul qilish — jo’natish quvvatiga ega, Afg’onistonning Hayraton bandargohi orqali eksport-import yuklarini yetkazib berish xalqaro ahamiyatga molik. Respublika Daryo flotida 200 dan ortiq teploxod, shuningdek, barjalar, zemlesoslar, Suzuvchi ekskavatorlar, port kranlari va boshqalar yordamchi kemalar texnika vositalari bor. Respublikada suv yo’llarining umumiy uzunligi 1000 kilometrga yaqin. Xalq xo’jaligi yuklari asosan Termiz — Hayraton, Sharlavuq — To’rtko’l, Xo’jayli — To’rtko’l, Xo’jayli — Beruniy, Qoratov — Taxiatosh yo’nalishlarida tashiladi. O’zbekistonning port va bandargoxlari temir yo’llar bilan bog’langan. Bahrom Soriyev.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz