DARYO SUVCHANLIGI



DARYO SUVCHANLIGI – daryoda muayyan vaqt (dekada, oy, mavsum, yil, bir necha yil) davomida o’rtacha ko’p yillik ko’rsatkichlar (norma)ga nisbatan oqib o’tgan suv mikdori. Daryo suvchanligi absolyut (m3/s, l/s, km3/yil) yoki nisbiy (normaga nisbatan % yoki modul koeffisienti) birliklarda ifodalanadi. Daryo suvchanligi haqida ma’lumot qishloq xo’jaligini suv bilan ta’minlash sistemasidagi eng muhim elementdir. Suvchanlikning o’zgarishi Daryo havzasining suv va issiqlik balansini belgilovchi meteorologik omillarning davriyligiga bog’liq. Daryo suvchanligiga yog’in mikdori, uning yillar va balandlik zonalari bo’ylab taqsimlanishi; quyosh radianiyasining intensivligi; havo harorati; tuproq qatlamining holati va boshqa omillar ta’sir etadi. Bu omillarning mavsumiy davriyligi Daryo suvchanligining yil davomida o’zgarishiga, yillar bo’ylab davriyligi esa turli suvchanlik yillarining almashinuviga sabab bo’ladi. O’rta Osiyoda daryolar, asosan tog’lardan boshlangani sababli havzaning balandligi oshgan sari Daryo suvchanligi kamayib boradi. Doimiy muzliklar va qorliklar erishi hisobiga hosil bo’luvchi Daryo suvchanligi turg’un, yomg’irlardan hosil bo’luvchi Daryo suvchanligi esa ko’proq o’zgaruvchan bo’ladi. Daryo yillik oqimining o’zgaruvchanligi variasiya koeffitsienti orqali (Cv) aniklanadi. Muzlik-qorliklarda hosil bo’luvchi daryolar (Vaxsh, Zarafshon) uchun Cv-0,10—0,15, qorlik-muzliklardan suv oladigan daryolar (Chirchiq, Norin, Kofarnihon) uchun 0,15—0,25, qorlik va qor-yomg’irlardan to’yinadigan daryolar (Ohangaron, Keles) uchun 0,25 va undan katta. Soy va jilg’alarning yillik oqimlari uchun Cv 1 dan ham kata bo’lishi mumkin. Oqim hosil qiluvchi jarayonlar inersiyasi tufayli turli suvchanlikka ega bo’lgan yillar tsikllarga guruhlanadi. Sersuv, o’rtacha suvli va kamsuv tsikllar mavjud. Tsikllar suvchanlik davomiyligi va uning o’rtacha ko’rsatkichlardan og’ish kattaligiga qarab farqlanadi. Masalan, Amudaryoda 10 yillik, Norin daryosida 2-3 va 10-11 yillik, Chirchiq daryosida 5-6 yillik davriylik kuzatiladi. Suvchanlik bo’yicha ekstremal yillarda muzlikqorlik hamda qorlik-muzliklardan hosil bo’luvchi daryolar oqimi normadan 30% va undan ko’proq, qor-yomg’ir hamda yomg’irlardan to’yinadigan daryolar oqimi 50-60% farq qiladi. Turli daryolar oqimining o’zgarishlari ayrim yillarda o’zaro muvofiq kelishi yoki muvofiq kelmasligi sinxronlik yoki asinxronlik tushunchasi bilan ifodalanadi. O’rta Osiyodagi Daryo suvchanligi o’zgarishlaridagi maksimal muvofiqlik suvchanlik bo’yicha ekstremal yillarda kuzatiladi. Masalan, suv eng kam bo’lgan 1974 yilda Amudaryo va Sirdaryo havzasining hamma hududida oqim normadan juda kam bo’lgan. Turli havzalarda Daryo suvchanligining o’zgarib turishidagi nomuvofiqlik daryolarni havzalararo oqizishii taqozo etadi. Toshtemir Bekmurodov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz