DARVOZAQIRLIKLAR CHAYLASI
DARVOZAQIRLIKLAR CHAYLASI – Zarafshon daryosining quyi havzasida neolit davri (miloddan avvalgi 4-3-ming yillik) da yashagan ovchi qabilalarining manzilgohi. O’. Islomov tomonidan ochilgan (1961). Bir necha madaniy qatlamdan iborat. Chaylalardan birining burchaklaridan 4 kattagina chuqurcha (ustunlar urni) topilgan. Chaylaning eshigi sharqqa — ko’lga qaragan, o’choqlar tashqaridagi maydonda bo’lgan. Chaylalar yengil ishlangan bo’lib, 81 metr kvadrat maydonni egallagan, unda 30-35 kishidan iborat bir urug’jamoasi joylashgan. Topilgan har xil hayvon va qush suyaklari Darvozaqirliklar chaylasida odamlar ov bilan shug’ullanganini ko’rsatadi. Kundalik hayotda toshdan yasalgan qurollar muhim rol o’ynagan. Chaqmoqtoshdan mikrolit pichoq, qirg’ich, bigiz, yog’och yo’nish qurollari, o’q-yoy uchlari, parmalash qurollari, bolg’a va tosh boltalar, qimmatbaho toshlardan tumor va munchoqlar tayyorlangan. Darvozaqirliklarning sopol idishlari ancha mustahkam, osti yassi, tuxumsimon shaklda bo’lib, sirtiga turli xil naqshlar solingan. Darvozaqirliklar chaylasi yodgorliklari ba’zi xususiyatlari bilan Xorazmdagi Kaltaminor madaniyatiga o’xshab ketadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz