Darvozabon (futbol)




Darvozabon (shuningdek, golkiper inglizcha: goalkeeper soʻzidan olingan) — darvozani himoya qiluvchi futbolchi. Asosiy maqsadi raqib jamoa futbolchilarini gol urishiga yoʻl qoʻymaslik. Koʻpincha jarima maydonchasi ichida darvoza yaqinida oʻynaydi. Darvozabonlar odatda, baland boʻyli, yaxshi refleks va ajoyib epchillikka ega futbolchilar boʻlishadi. Odatda har bir jamoada asosiy darvozabon va ikki nafar oʻrinbosar darvozabonlar boʻladi.


Qoʻl bilan oʻynash



Darvozabon atayin qoʻllari bilan toʻpga tegishi mumkin boʻlgan (autdan uzatilgan toʻplarni hisobga olmaganda) yagona oʻyinchidir. U darvoza tomon yoʻllangan zarbalarni qoʻllari bilan qaytaradi; toʻplarni ushlab olib jarima maydonchasi va darvoza maydoniga havodan yoki pasdan uzatadi, shuningdek, „birga — bir“ holatlarda toʻpni egallab oladi.
1912-yilda darvozabonlarning darvoza yaqinidagi jarima maydonchasi ichida qoʻli bilan toʻpga tegib oʻynashi mumkin boʻlgan hudud chegarasi belgilab qoʻyildi (bunga qadar darvozabonlar maydon markazigacha boʻlgan hududda qoʻllari bilan toʻpga tegib oʻynashi mumkin boʻlgan). Jarima maydonchasi tashqarisida darvozabon oddiy oʻyinchi kabi harakat qiladi (xususan, oʻz jarima maydonchasi tashqarisida toʻpni qoʻli bilan ushlasa, ushbu vaziyatda qolgan oʻyinchilar qanday jazolansa, darvozabonga ham xuddi shunday jazo belgilanadi). Darvozabon oʻz jarima maydonchasi ichida toʻpni qoʻli bilan tashlab, oʻz darvozasiga ham gol urishi mumkin va bu gol hisobga olinadi (masalan, SSSR chempionatida bunday holat 1971-yilda sodir boʻlgan). Shu bilan birga, darvozabon toʻpni qoʻli bilan oʻynab raqib jamoa darvozasiga tashlashga haqli emas — rasmiy oʻyin qoidalarining „10 — qoidasi“ga koʻra, „Agar darvozabon toʻp (koptok)ni qoʻli bilan togʻridan — toʻgʻri raqib darvozasi tomonga uloqtirsa — darvozaga zarba beriladi yoki belgilanadi“.

Shuningdek, darvozabon oʻz jamoadoshi tominidan uzatilgan uzatma va autdan oshirilgan toʻpni qoʻli bilan ushlashi mumkin emas (toʻpni tananing beldan yuqori boʻlgan biron bir qismi bilan qabul qilib olib qonuniy paslar uzatishi yoki oyogʻi bilan toʻxtatib keyin toʻpni qoʻlga olishi mumkin). Toʻp jamoadoshiga tasodifan tegib ketganidan keyin darvozbon uni qoʻli bilan ushashi qoidabuzarlik hisoblanmaydi. Biroq darvozabon jamoadoshi tomonidan uzatilgan toʻpni qasddan qoʻllari bilan qabul qilsa, bu qoidabuzarlik uchun bilvosita uning darvozasi tomonga jarima zarbasi belgilanadi.
Garchi oʻyin davomida darvozabon, qoida tariqasida, himoya qilinayotgan darvozaga yaqin boʻlsa-da, uning jarima maydonchasini tark etishiga hech qanday taqiq yoʻq. Xususan, darvozabon oʻz jamoasining hujum harakatlariga bogʻlanib, hatto gol urishi ham mumkin.


Oʻyin texnikasi



Darvozabon oʻyin davomida toʻpni mahkam quchoqlab olish, zarb bilan uzatilgan toʻpni tananing biron bir qismi bilan qabul qilib olish (toʻpni qoʻl bilan ushlashning iloji boʻlmasa), pasdan toʻpga oyoq bilan tegib, toʻpni sakratgandan soʻng ushlab olish kabi usullardan foydalanadi.


Darvozabonning oʻziga xos fazilatlari (qobiliyatlari)




Darvozabonlarning tana tuzilishi atletlarga xos boʻlishi, jarima maydonchasi ichida unga alohida ustunliklarni taqdim etuvchi sakrash qobiliyatiga ega boʻlishi, harakatchanlik, quvvat, epchillik, akrobatit harakatlar va raqibni ortda qoldirish kabi fazilatlarga ega boʻlishi talab etilib, toʻpni har qanday holatda toʻxtib oʻziga boʻysundirishi va ushlay olishi yoki mushtlari bilan qaytarishi kerak boʻladi. Qabul qilib olgan toʻpni kuchli zarb bilan uloqtirishi yoki uzatib berishi lozim. Shuningdek, ushlab olish imkonsiz boʻlgan holatlarda toʻpni darvoza ustini tepasidan yoki yonidan oʻtkazib yuborishi talab etiladi.

Darvozabon oʻz darvozasi oldida toʻgʻri pozitsiyani tanlay olishi, toʻpni qaytarishda ishonchli oʻynashi, darvoza oldida himoyani tashkil qilishi va tezkorlik bilan qarshi hujumga oʻtishni tashkillashtirishi kerak. Darvozabonning oʻyinida ehtimollik va kutilmagan vaziyatlar tez-tez yuzaga kelishi bois, undan topqirlik, tezkor reaksiya, diqqatni jamlash va harakatni muvofiqlashtirish qobiliyati, harakatlarning fazoviy, vaqtinchalik, dinamik aniqligi va biomexanik oqilona qarorlarni qabul qilish talab qilinadi.

Harakatni muvofiqlashtirish qobiliyatlari deganda tez, aniq, maqsadga muvofiq, vaqtdan unumli foydalangan holda mohirona tarzda, yaʼni harakatli muammolarni (ayniqsa murakkab va kutilmagan qiyinchiliklarni) eng mukammal usulda hal qilish qobiliyati tushuniladi

Darvozabonlar libosi




FIFA tomonidan tasdiqlangan futbol oʻyinining 4-qoidasiga koʻra, darvozabon oʻz formasi bilan jamoaning boshqa aʼzolaridan, raqib jamoa oʻyinchilaridan, shuningdek, uchrashuv hakamlaridan farq qilishi talab etiladi. Baʼzi darvozabonlarni kiyinish uslubidan muxllislari yaxshi tanishgan, jumladan, Lev Yashin liboslari rangiga koʻra „qora pantera“ laqabini olgan. Xorxe Kampos ham rang-barang formasi bilan ajralib turgan. Odatda jamoadagi birinchi raqam darvozabon uchun saqlanadi. Futbol tarixida ushbu qoida istisno qilingan holatlar ham boʻlgan, bular — braziliyalik Gilmar (1958-yilgi Jahon chempionatida 3-oʻrin) va argentinalik darvozabonlar Ubaldo Fillol, Neri Pumpido, Xorxe Goykoechea va boshqalardir. (1974-yildan 1990-yilgacha boʻlgan davrda Argentina milliy terma jamoasidagi raqamlar ampluasidan qatʼiy nazar alifbo boʻyicha taqsimlangan).

Barcha futbolchilar uchun majburiy boʻlgan asosiy anjomlardan tashqari, darvozabonlar uchun zarbalarni yumshatuvchi va toʻpni yanada ishonchli egallash imkonini beruvchi maxsus qoʻlqoplar yaratilgan. Bunday qoʻlqoplar orasida barmoqlar choʻzilishi kabi jarohatlarning oldini olish uchun moʻljallangan xususiyatlarga ega turlari ham mavjud. Darvozabonlarning qoʻlqopdan foydalanishi majburiy emas, biroq professional darvozabonlarning qoʻlqoplardan foydalanmasligini kamdan-kam holatda koʻrish mumkin. Qoʻlqoplardan birinchi marta XX-asr oʻrtalarida argentinalik darvozabon Amadeo Karriso foydalangan.

Oʻyin davomida shuningdek, boshqa anjomlardan foydalanishga ham ruxsat beriladi. Bu darvozabon uchun ham, jamoaning boshqa ishtirokchilari uchun ham turli travmatik holatlarning oldini olish maqsadida qoʻllaniladigan yumshoq himoya dubulgʻasi yoki yumshoq qalpoqlar boʻlishi mumkin. Masalan, chexiyalik darvozabon Petr Chex jarohatdan soʻng doimiy ravishda himoya dubulgʻasidan foydalanadi, bu esa oʻsha paytdan beri uning „tashrif qogʻozi“ga aylangan.

Darvozabonlarni almashtirish



Oʻyin toʻxtab turgan vaqtda istalgan oʻyinchi darvozabon bilan oʻrnini almashtirishi mumkin (hakamni oldindan xabardor qilish orqali), shundan soʻng darvozabonning barcha huquqlari ushbu oʻyinchiga oʻtadi. Amalda bu qoida odatda darvozabon jarohat olganda yoki maydondan chetlatilganda, shuningdek jamoada oʻyinchi almashtirish limiti tugatgan yoki oʻrinbosar darvozabon yoʻq boʻlgan vaziyatda qoʻllaniladi. Bunday almashtirishlarning soni cheksiz boʻlishi mumkin. Zaxiradagi 2 nafar darvozabon (majburiy) va qolgan oʻyinchilar ham darvozada turishi mumkin.

Darvozabonlar hujumda




Darvozabonning asosiy vazifasi oʻz darvozasini himoya qilish boʻlishiga qaramay, baʼzi darvozabonlar koʻpincha oʻz jarima maydonlaridan tashqarida yaxshi oʻyin namoyish etishadi. Bunday darvozabonlar sirasiga Rene Iguita, Xorxe Kampos, Bryus Grobbelaar, Manuel Noyerlarni kiritish mumkin. Darvozabonlarning bunday oʻyin uslubi biroz xavfli boʻlib, agar darvozabon xatoga yoʻl qoʻysa, raqib jamoa aʼzosi boʻsh qolgan darvozaga gol kiritishi mumkin (masalan, 1990-yilgi jahon chempionatining 1/8 finalida Rene Iguitaning xatosi Kolumbiya va Kamerun oʻrtasida kechgan uchrashuvda kolumbiyaliklarning magʻlubiyatiga sabab boʻlgan).

Darvozabonlar baʼzi hollarda gol ham urishadi. Bu odatda quyidagi holatlarda sodir boʻladi:

Rojerio Seni ayni damda darvozabonlar orasida professional tarzda gol urish boʻyicha rekordchi hisoblanadi. Xose Luis Chilavert terma jamoasi uchun eng koʻp urilgan gol muallifi (8), shuningdek, darvozabonlar orasida xet-trikka erishgan yagona oʻyinchidir (Argentinaning „Veles Sarsfild“ va,,Ferrokaril Oeste" klublari oʻrtasida 1999-yilning noyabr oyida oʻtkazilgan oʻyinda,,Veles Sarsfild" 6:1 hisobida gʻalaba qozongan. Ushbu uchrashuvda Chilavert penaltidan uchta gol kiritgan).


Professional faoliyati davomida eng koʻp gol urgan 10 ta darvozabon




(2014-yil 16-sentabr holatiga koʻra)

XFTSF (Xalqaro Futbol Tarixi va Statistikasi Federatsiyasi) talqiniga koʻra yilning eng yaxshi darvozabonlari


Madaniyat va sanʼat asarlarida darvozabonlar faoliyatining yoritilishi




Manbalar




Havolalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz