Darveshona




Darveshona marosimi —O'zbek tilining izohli lug'atida keltirilishicha, bahor faslida qishloqlarda va shahar mahallalarida ayni hududlar aholisidan toʻplangan pul yoki oziq ovqat hisobiga oʻtkaziladigan xayriya marosimi. Darveshona —Navro‘z kunlarida nishonlanadigan xalq sayli. Ming yillardan beri xalq orasida mazkur nom bilan ataladigan bu tantana Navro‘z sayillari bilan uzviy bog‘liqdir.

Marosim tarixi



Ehsonning oʻziga xos bir turi boʻlmish, bu udumning tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi.U Islom dinining mintaqaga kirishidan oldin shakllangan. Va darveshlarga oʻxshashni anglatadi. Qadimda bu marosimodatda, erta ko'klam kunlarida, Navro'z arafasida oʻtkazilgan.Qishloq ahli qishloq chetidagi daryo yoki yoʻl yoqasida toʻplanib, jonliq soʻyishgan, shu yerda biror taom pishirishgan.
Bu taomni yoʻlda ketayotgan darvesh-qalandarlar, sayyoh-yoʻlovchilar, gadoy-tilanchilar yeyishi lozim boʻlgan. Marosim shu sababdan darveshona deb atalgan boʻlsa ajab emas.


Marosim oʻtkazilish jarayoni



Marosimda qishloqning yosh-u, qarisi baravar ishtirok etishi shart boʻlib, turkiylarning qadim eʼtiqodi boʻyicha, hosil maʼbudlari sharafiga qurbonlik keltirilgan. Maʼlumki, ajdodlarimiz ishonchiga koʻra, suv, olov, tuproq va havo muqaddas sanalgan. Muqaddas olovda tayyorlangan taomlar yeyilgach, ortib-oshib qolgani suvga oqizilgan. Buning zamirida ham yaxshi niyat—kelayotgan baloni suv oqizib ketishiga ishonch yotadi. Asrlar osha bu odat biroz oʻzgarib, davrga moslashib borgan.

Marosim uchun moshova, goʻja, yorma, halim kabi toʻqtutar taomlar tayyorlangan. Tong yorishar-yorishmas katta yoʻl yoki daryo yoqasida doshqozon qurilib ovqat qaynatilgan. Kerakli idish-tovoq va anjomlarni el yigʻib kelgan, yosh-yalang xizmatga shay turgan. Oʻtgan ketganning yoʻliga ilhaq turilgan va koʻringan kimsa alohida izzat-ikrom bilan chorlanib, bir kosa taom suzib manzirat qilingan.
Bu marosimning hozirgi koʻrinishi qadimgilaridan farq qilishi tabiiy. Ilgari darveshona taomini faqat darvesh-qalandarlar-u, gadolarga tarqatishgan boʻlsa, hozir qishloq ahli oʻzi totadi. Qari-qartanglar, betoblar, kamxarj xonadonlar yoʻqlanadi. Soʻng jamoa Yaratgandan yaxshi ob-havo, ekinlar uchun yetarli oqin suv, moʻl hosil soʻrab tilovat qiladi va yigʻin soʻngida el maslahati ham boʻladi.Darveshonada qishloq mol-mulkini boqadigan cho'pon, to'y-marosimlarda xizmat qiladigan arbob-u, xodimlar, el oshpazi va Mirob saylanadi.Darveshona doʻstlik, totuvlik, mehr-oqibat, mehnatga muhabbat hislarini tarannum etadi.

Havolalar



Darveshona osh qilinadigan qishloq — Langar ota (Kun.uz 22.02.2023)

Manbalar




uz.wikipedia.org

Uzpedia.uz