DARVESH MUHAMMAD TOQIY



DARVESH MUHAMMAD TOQIY (15-asr 2-yarmi — 16-a.sr boshlari, Hirot) — mashhur xattot, nasta’liq xati ustasi. Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy bilan hamsuhbat bo’lgan, ularning asarlarini chiroyli nasta’liq xatida ko’chirgan. Darvesh Muhammad Toqiy ko’chirgan qo’lyozma kitoblar: Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Husayn Voiz Koshifiyning “Lubob ul-albob” (raqami — 2227, 1477 yilda ko’chirilgan), Alisher Navoiyning uchta terma devoni (R—3479, 4007, 7701; 15-asr oxiri — 16- asr boshlari), Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston” (R—3376/1, 15-asr oxiri), Muhammad Tohiriy G’azzoliyning “Ma’rifat ul mazohib” (R—3376, 1502 yil) asarlari; Sankt-Peterburgdagi Saltikov-Shchedrin nomidagi ommaviy kutubxonada Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si (Dorn 338, 1482 yil), Istanbuldagi To’pqopu saroyi kutubxonasida Alisher Navoiyning hayotligida tartib berilgan mo’tabar “Kulliyot”i (26 asarni o’z ichiga olgan, 802 varaqdan iborat) rasmli qo’lyozma kitobi (R-808, 1497— 1500 yillar) saqlanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz