DARSONVALIZATSIYA



DARSONVALIZATSIYA – yuqori kuchlanishli va yuqori chastotali o’zgaruvchan tokni davo maqsadida qo’llash; shu usulni tavsiya etgan (1891) frantsuz olimi D’Arsonval nomi bilan atalgan. Umumiy (induktoterapiya) va mahalliy Darsonvalizatsiya farq qilinadi. Gaz bilan to’ldirilgan shisha elektrod bemor badanida u yoq-bu yoqqa suriladi, bunda bemor badani bilan elektrod o’rtasida kichik uchqun razryadlar hosil bo’lib, teridagi nerv oxirlarini qitiqlaydi. Ayni vaqtda terida bir oz issiqlik paydo bo’ladi, qon tomirlari reflektor yo’l bilan kengayadi. Darsonvalizatsiya to’qimalarning oziqlanishini yaxshilab, og’riqni qoldiradi. Darsonvalizatsiyada to’qimalarda ma’lum fizik va kimyoviy o’zgarishlar ro’y beradi. Umumiy Darsonvalizatsiya qon bosimini ko’taradi, miya tomirlari tonusini barqarorlashtiradi, moddalar almashinuvini yaxshilaydi va hokazolar. Mahalliy Darsonvalizatsiya qon tomirlar tonusini oshiradi, moddalar almashinuvini tartibga soladi, to’qimalar oziqlanishini yaxshilaydi, limfositlarning himoya faoliyatini kuchaytiradi va boshqalar. Periferik qon aylanishi buzilganda, ya’ni qo’l yoki oyoq tomirlari torayib, to’qimalar oziqlanishi o’zgarishi natijasida et uvishib, xuddi chumoli yurayotgandek sezilganda bu usul (mahalliy Darsonvalizatsiya) qo’llaniladi. Nevroz va yurak tomirlari spazmi oqibatida, yuza nervlar chigallari, gipertoniya kasalliklariga va og’riq bilan o’tadigan b. kasalliklarga davo qilishda Darsonvalizatsiyadan foydalaniladi. Darsonvalizatsiya terining oziqlanishini yaxshilashi sababli bir qancha teri kasalliklarini davolash, kosmetikada ajin tushishi, shuningdek, soch to’kilishining oldini olishda juda qo’l keladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz