DARS
DARS — maktab ta’limining asosiy tashkiliy shakli. Dars muayyan miqdordagi doimiy o’quvchilar tarkibi bilan qat’iy tartibda uyushtiriladigan va aniq maqsadga yo’naltirilgan didaktik tadbirdir. Dars — insoniyat tomonidan minglab yillar mobaynida orttirilgan hayotiy tajribalarni o’quvchilarga juda qisqa vaqtda o’rgatishning eng samarali usuli. Ta’limning Dars shakli Turkistonda uzoq zamonlardan buyon qo’llanilib kelgan. Darsni tashkil etish va uning samaradorligini ta’minlashda o’qituvchining o’rni beqiyos bo’lgan. Turkiston maktablarida ta’limning tashqi shakliy jihatlariga emas, balki mohiyatiga ham e’tibor berilgan. Chunonchi, o’quvchilarning tayyorligini aniqlash, ularni guruhlarga ajratishda bolalarning yoshi va maktabda qancha vaqt o’qiganligiga emas, balki o’tilgan mashg’ulotlarni nechog’li o’zlashtirganliklariga tayanilgan. Turkiston maktablarida ta’limning Dars shakli bo’lganligi bilan mashg’ulotlarni sinf-dars tizimi tarzida uyushtirish tajribasi bo’lmagan. Shuningdek, Darsning davomiyligi, predmetlarning o’rinlashuvi, kundalik mashgulotlarning miqdori singari ta’limiy chegaralar har bir o’qituvchining uzi tomonidan belgilangan. Dars qadimgi turkiy maorif tizimida oliy va o’rta ta’lim bo’g’inlarini ifoda etgan madrasa ta’limida ham asosiy ish shakli hisoblangan. Madrasalarda Dars belgilangan muayyan tartib asosida uyushtirilgan. Ayni vaqtda, madrasa Darslarida talabalarning mustaqil o’zlash-tirishlariga katta e’tibor qaratilgan. Qadimgi ta’lim muassasalari uchun Darsning jamoa va individual shakllari qorishiqligi xos bo’lgan. Dars ta’limning jamoa bo’lib amalga oshirilish tarzi sifatida ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Dars maktab yoshidagi bolalarni yalpi o’qitishni osonlashtiradi, ularni jamoa sifatida tarbiyalashga hissa qo’shadi, bolalarda ijtimoiy faollik va muomala madaniyatining shakllanishiga ko’maklashadi. Darsda o’quv mashg’ulotlarining individual, guruhiy va umumsinf shakllari uyg’unlashadi. Har qanday jamiyatda Dars jamiyat tomonidan ta’lim oldiga qo’yilgan vazifalarni bajarish uchun xizmat qiladi. Darsning vazifalari ta’lim jarayonining qonuniyatlari va muayyan jamiyatning komil shaxs borasidagi tushunchalari bilan qat’iylashadi. Yangilanayotgan pedagogik tafakkur talablariga ko’ra zamonaviy Dars o’quv muassasasining mulkiy mansubligidan qat’i nazar quyidagi xususiyatlarga ega bo’lishi lozim: ta’limning tarbiyaviy maqsadlarga bo’ysundirilganligi, o’quvchini komil shaxs sifatida shakllantirishga yo’naltirilganligi, ilmiyligi va izchilligi, tarbiyalanuvchining faolligi va mustaqilligini ta’minlashga qaratilganligi, insonparvarlik yo’nalishiga egaligi, tizimliligi, bilimlarni ongli ravishda o’zlashtirishga qaratilganligi, amaliy ahamiyatga egaligi va hokazolar. Zamonaviy ta’lim tajribasida bir Dars uchun belgilangan standart vaqt mavjud. Bu vaqt ta’lim muassasalarining tabiati, ta’limning bosqichlari va o’quvchilar imkoniyatidan kelib chiqib, 45, 40, 35 va 30 minutni tashkil etadi. Ta’lim tizimida Dars va uy vazifasi munosabatlari o’ta muhim sanaladi. Zamonaviy ta’lim tizimining turli bosqichlarida o’quvchilarga uy vazifasi berilishi yoki berilmasligi, uning mikdori singari jiqatlar o’quv muassasalarining nizomlarida aks ettiriladi. Pedagogika fani va amaliyoti uchun Darsning tarkibi masalasi ham muammoli. Uzoq vaqt davomida har bir Dars yangi mavzuning bayoni, uni o’quvchi xotirasida mustahkamlash, bilimlarni amaliyotda qo’llash kabi qismlardan iborat bo’lishi shart deb hisoblab kelingan. O’quv jarayoni mantiqan bunday qat’iy tarkibni talab etmaydi. Dars va maktab tajribasi bu tizimni ma’qullamadi. O’quv jarayonida Darsni tashkil etishning oldindan belgilab qo’yilmagan va hamma uchun majburiy bo’lmagan har xil yo’llarini qo’llash maqsadga muvofiqdir. Olingan bilimlarni amaliyotda qo’llash hamisha mavzuni mustahkamlashning manbai bo’lib kelgan va bu masalani Dars tarkibida alohida ko’rsatishning hojati ham yo’q. Bir necha Darsni yangi mavzuning bayoniga bag’ishlash, ayrimlarini laboratoiya topshiriqlarini bajarishga ajratish ham mumkin. Muhimi, o’tilayotgan mavzu o’quvchilar tomonidan o’zlashtirilib, ularda ko’nikma paydo bo’lishi va bu ko’nikmalarni amaliyotda qo’llab malakaga aylantira bilishlaridir. Dars tarkibi masalasi Darsni tasniflash, ya’ni tipologiya bilan bog’liq. Pedagogik adabiyotlarda Dars mazmunga, didaktik maqsadga, o’tish yo’llariga, ta’lim jarayonining xususiyatlari va uning qismlariga ko’ra tasnif qilingan. Odatda, Dars kirish, yangi bilim berish, mustahkamlash, ko’nikma va malakalarni shakllantirish, bilimlarni amaliyotda qo’llash, nazorat qilish va aralash kabi turlarga bo’linadi. Ta’lim tajribasida bir Dars jarayonida bir yoki bir necha Dars turlari umumlashtirilgan holda ish olib boriladigan aralash Dars ko’p uchraydi. Dars o’quv jarayonining yolg’iz shakli emas. Turli sinflarda fakultativ mashg’ulotlar, seminar, o’quv konferentsiyalari, bahslar, muammoli Darslar, amaliy ishlar, ustaxonada ishlash kabi Darslar mavjud. Qozoqboy Yo’ldoshev.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz