DAROMADLARNI INDEKSLASH



DAROMADLARNI INDEKSLASH, daromadlar indeksatsiyasi — iste’mol buyumlari narxlari darajasiga muvofiq turli aholi toifalarining nominal daromadlari (ish haqi, nafaqa, stipendiya, pensiya va boshqalar) ni davlat tomonidan muntazam oshirish; aholini inflyatsiyadan ijtimoiy himoyalash tadbirlaridan biri. Narx-navo indeksi tirikchilik uchun zarur tovarlar majmui — oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro’zg’or tovarlari, xizmatlar bo’yicha hisoblanadi (qimmatbaho buyumlar, avtomashina, billur va boshqalar. Nodir tovarlarga qilinadigan xarajatlar bu hisobga kirmaydi). Birinchi navbatda eng kam daromad oluvchi va daromadi belgili bo’lgan aholi toifalari daromadlari indekslanadi. O’zbekistonda bozor islohotlariga o’tish davrining dastlabki bosqichida (1991-96) hukumat aholini bozor iqtisodiyoti sharoitida ijtimoiy himoyalash davlat dasturini ishlab chiqdi va amaliyotga joriy eta boshladi. Unga ko’ra, aholi turmush tarzining pasayib ketishi oldini olish maqsadida 1992— 95 yillarda har yili 4 martadan, 1996— 98 yillarda har yili 2 martadan Daromadni indekslash o’tkazildi, daromadlar 20— 50% gacha indeksasiya qilindi. O’zbekistonda ish haqi tarif tizimi orqali tabaqalashtirilib, turli kasblar va ish turlari uchun ish haqi to’lashning yagona razryadlari belgilangan. Narxlar o’sishi bilan minimal ish haqida darajasi (1-razryad) xamda barcha razryadlar ular o’rtasidagi nisbat saqlangan holda oshirib boriladi. Masalan, 2001 yil 1 avgustdan boshlab ish haqining minimal darajasi 3430 so’m qilib belgilandi. Daromadni indekslash mamlakatda inflyasiya sur’atlari 20% gacha bo’lgan taqdirdagina samara berishi mumkin. Sadir Salimov

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz