DAROMAD SOLIG’I
DAROMAD SOLIG’I — moliya yilida soliq solinadigan daromadga ega bo’lgan jismoniy shaxslar (fuqarolar) ning soliq solinadigan jami daromadlaridan, yuridik shaxslar (tashkilotlar, xo’jaliklar, korxonalar va boshqalar) ning soliq solinadigan jami daromadi (foydasi) dan undiriladigan to’g’ri, umumdavlat solig’i. Buyuk Britaniyada 1842 yildan, Yaponiyada 1887 yildan, Germaniyada 1891 yildan, AQShda 1913 yildan, Frantsiyada 1914 yildan joriy qilingan. Sobiq SSSRda 1922 yil 16 noyabrdagi dekretga ko’ra daromad-mulk solig’i degan umumiy nom bilan joriy qilingan va 1924 yildan Daromad solig’iga aylantirilgan hamda 1991 yilgacha ishchi va xizmatchilarning maoshidan tabaqalashgan shkala bo’yicha undirilgan (100 so’mdan 8 so’m 20 tiyin, 100 dan yuqori summadan 13% miqdorida). O’zbekiston Respublikasida Daromad solig’i undirish tartibi 1998 yil yanvardan amalga kiritilgan O’zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq olib boriladi. Kodeksga ko’ra yuridik shaxslarning solik solinadigan jami daromadi (foydasi)ga 26 foizlik stavka bo’yicha soliq solinadi (2001). Savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari daromad (foyda) solig’i, qo’shilgan qiymat solig’i, ekologiya va boshqa soliqlar hamda yig’imlar o’rniga byudjetga yalpi daromad solig’i to’laydilar (22-50% darajasida). Jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlariga soliq solish maqsadida eng kam ish haqining mikdori yil boshidan e’tiboran ortib boruvchi yakun tarzida (oshib boruvchi stavkalarda) hisoblanadi, eng kam ish haqining to’rt baravari miqdorigacha daromad summasining 13%, eng kam ish haqining sakkiz baravarigacha 23%, 8 baravari miqdoridan (+1 so’m) va undan yuqori bo’lgan summadan 33% ni tashkil qiladi (1 avgust 2001). Daromad solig’i undirishda soliq to’lovchilar uchun bir qator chegirmalar va imtiyozlar nazarda tutilgan. Rahmatjon Abdullayev.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz