DARMANA (Artemisia cina) — qoqidoshlar (murakkabguldoshlar) oilasiga mansub o’q ildizli chala buta. Bo’yi 40— 70 santimetr. Poyasi sershox, qizg’ish. Barglari ikki karra patsimon qirqilgan. Gullari kichik savatchalarda 3-6 tadan joylashgan. Sentabrda gullab, oktabrda urug’beradi. Janubiy Qozogistonda Daryo bo’ylarida, soylar, tekisliklar va tog’ etaklarida o’sadi. Darmana ekiladi ham. Endigina ochila boshlagan to’pgulidan santonin (S|5N|8O3) olinadi. To’pguli va barglarida efir moyi (1,5—3%), betain, xolin, bo’yoq moddalar, olma va sirka kislotalar bor. To’pgulining damlamasi hamda santonin gijjalarni tushirishda fonda beradi. Darmanadan olingan efir moyi (darminol) har xil mikroblarni o’ldiruvchi antiseptik dori sifatida, revmatizm va asab kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Bu moydan olinadigan gvayazulen nafas qisishi, revmatizm, ekzema kabi kasalliklarni davolashda va rentgen nurlaridan kuyganda qo’llaniladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Loyiha rivoji uchun hayriya qiling: 9860 3501 4465 8134. @Shaka_rj Maqsad sun'iy intellekt javoblarini ko'paytirish