Dark Phoenix (film)
Gʻaroyib odamlar: Feniks zulmati (inglizcha:
X-Men: Dark Phoenix ) 2019-yilda ekranlarga chiqarilgan superqahramonlar haqidagi filmdir. Marvel Entertainment, TSG Entertainment, The Donners' Company va Kinberg Genre studiyalari tomonidan ishlangan hamda 20th Century Fox tomonidan tarqatilgan. Film gʻoyasi Marvel komikslaridagi Gʻaroyib odamlar nomli xayoliy jamoaga asoslangan. Gʻaroyib odamlar: Feniks zulmati 2016-yilda chiqarilgan Gʻaroyib odamlar: Hal qiluvchi on filmining davomi hamda Gʻaroyib odamlar filmlar seriyasining oʻn ikkinchi filmi hisoblanadi. Film rejissori va ssenariy muallifi — Simon Kinberg. Filmda bosh rollarni James McAvoy, Michael Fassbender, Jennifer Lawrence, Nicholas Hoult, Sophie Turner, Tye Sheridan, Alexandra Shipp, Kodi Smit-McPhee, Evan Peters va Jessica Chastain ijro etishgan.
Mazmuni
1975-yili sakkiz yashar Jean Grey (talaffuzi: Jin Grey) avtohalokat tufayli yetim qoladi. Professor Charles Xavier (talaffuzi: Charlz Ksaviye) uni oʻzining qobiliyatli bolalar uchun moʻljallangan maktabiga olib borib, unga qobiliyatlarini nazorat qilishni oʻrgatishga soʻz beradi.
1992-yili Endeavour fazoviy kemasining birinchi missiyasida, fazo kemasi quyosh chaqnogʻidan zararlanadi. Buning ortidan AQSh prezidenti X-Mendan zarar koʻrgan fazo kemasida boʻlgan fazogirlarni qutqarishini soʻrab iltimos qiladi. X-Men fazogirlarni qutqarayotganda, jamoa tarkibida boʻlgan Jean energiya ichida qolib ketib, oqibatda energiya uning tanasiga oʻrnashib oladi; buning ortidan Jeanning qudrati yanada ortadi, biroq bu uni kuchi ustidan nazorat yoʻqolishiga olib keladi. Xavier X-Men aʼzolariga Jean bolaligida ota-onasini yoʻqotishiga sabab boʻlgan avtohalokatni boshdan kechirgani va uni judolik ortidan kuchli ruhiy tushkunlikka tushishdan asrash maqsadida uning ongiga ruhiy bloklar oʻrnatgani, ammo uning ichiga oʻrnashib qolgan qandaydir kuch bu bloklarni buzib tashlayotgani haqida aytib beradi.
Jean otasi avtohalokatdan omon qolganini bilgach, bolaligi oʻtgan uyga boradi. Soʻngra, bolaligida kuchi nazoratdan chiqishi ortidan avtohalokat sodir boʻlgani va unda onasi halok boʻlganini xotirlaydi. Jean yoniga X-Men yetib keladi. Raven Darkhölme (talaffuzi: Reyven Darkholm) Jeanni uyga qaytishga koʻndirishga urinish chogʻida, Jean uni tasodifan oʻldirib qoʻyadi.
Soʻngra, Jean mutantlar uchun betahlika maskan boʻlgan Genosha oroliga Erik Lehnsherr (talaffuzi: Erik Lensherr) dan gʻazabini nazorat qilishda koʻmak soʻrab boradi. Orolga harbiy vertolyotlarda uni axtarib maxsus kuchlar yetib kelganida, Jean ularga hujum qiladi. Buning ortidan Erik undan jahl ila oroldan ketishi aytadi. Orolni tark etganidan soʻng, Jean Vuk ismli oʻzga sayyoralik (D’Bari irqi yoʻlboshchisi) bilan tanishadi. Vuk Jeanga unga oʻrnashib olgan fazoviy kuch D’Bari sayyorasini yer bilan bitta qilgani hamda unga oʻrnashib olgungacha barcha narsani yoʻq qilib kelgani haqida soʻzlab beradi. Vuk Jeanga unga oʻrnashib olgan kuchni oʻrganishda yordam berishini aytadi.
Ravenning halok boʻlishida Xavierni aybdor deb hisoblagan Hank (talaffuzi: Henk) maktabdan ketib, Jeanni oʻldirish uchun Erik bilan birlashadi. Ikkovlon Jeanni New York shahrida oʻldirish rejasini tuzishadi. Erikning rejasi haqida xabar topgach, Kurt Wagner (talaffuzi: Kurt Vagner) X-Men jamoasini New York shahriga teleportatsiya qiladi. X-Men va Erik yetakchiligidagi jamoa oʻrtasida jang kechayotganda, Erik Jean va Vukni topadi, ammo Jean uni bemashaqqat magʻlub etadi. Xavier Jeanni uning xotiralarini oʻqishga koʻndiradi. Bu esa Jeanga Xavier aslida otasini halok boʻlgan deb aldash orqali unga yordam bermoqchi boʻlganligini anglab yetishiga turtki boʻladi. Qilgan ishlaridan taassuflangan Jean Vukga tanasiga oʻrnashib qolgan fazoviy kuchni olishini iltimos qiladi, ammo Charles Vuk kuchdan Yerni yoʻq qilishda foydalanishni koʻzlayotganini tushunib yetganidan keyin Scott Summers (talaffuzi: Skott Sammers) Vukni toʻxtatadi. Hukumat qoʻshinlari mutanlarni qoʻlga oladi, biroq Vuk qochib ketadi.
Mutantlar poyezdda olib ketilayotganda, poyezd Vuk va uning jamoasi tomonidan hujumga uchraydi. Ularga kuchi yetmagan hukumat askarlari mutantlarni ozod etadi. Charles va Scott Hank, Erik va uning jamoasini koʻplab noxushliklar keltirib chiqargan Jean ular bilgan Jean emasligi, u uning ichiga oʻrnashib olgan kuch taʼsirida boʻlganligiga ishontiradi. Soʻngra, ular oʻzga sayyoraliklarga qarshi kurashda birlashishadi. Charles Jean bilan ongida gaplashadi. Jean unga uni kechirgani hamda X-Menni oʻzga sayyoraliklardan himoya qilishini aytadi. Vuk Jeandan kuchini tortib olishga uringanda, Jean uni koʻkka koʻtarib, ichidagi kuchni tanasidan toʻliq ozod etadi va bu Vukni halok boʻlishiga olib keladi. Keyin, Jean tashqi koʻrinishi qaqnusni eslatadigan energiyaga aylanib, gʻoyib boʻladi.
Xavier maktabi nomi „Iqtidorli oʻspirinlar uchun Jean Grey maktabi“ga oʻzgartiriladi. Maktab direktori boʻlgan Charles nafaqaga chiqib, oʻrnini Hankga boʻshatadi. Nafaqaga chiqqan Charles Parijdagi qahvaxonalarning birida oʻtirganida, yoniga Erik kelib, unga shaxmat oʻynashni taklif etadi. Shu vaqtda, koʻkda otashli qaqnus bir lahza paydo boʻlib, keyin yoʻqoladi.
Rollarda
Musiqasi
Manbalar
Havolalar
uz.wikipedia.org