DARI TILI
DARI TILI — g’arbiy, Sharqiy eroniylar (forslar, afg’onlar va boshqalar) adabiy tili. 9-asr oxirlari va 16-asr boshlarida hozirgi Eron, Afg’oniston, Ozarbayjon, qisman Markaziy Osiyo va shimoliy-G’arbiy Hindiston hududlarida tarqalgan. Sharqning ko’p shoirlari, xususan Rudakiy, Hofiz, Sheroziy, UmarXayyom, Nosir Xisrav, Bedil, Nizomiy Ganjaviylar shu tilda ijod qilgan. Buyuk o’zbek shoiri Alisher Navoiy Dari tilida yozgan she’rlaridan devon tuzgan (“Devoni foniy”). Dari tilini forsiy dari, forsiy deb ham ataganlar. Dari tili eroniy bo’lmagan xalqlar tomonidan ham rivojlantirildi va takomillashtirildi. Shunga ko’ra, u baynalmilal — xalqlararo aloqa tili tavsifiga ega bo’ldi. 15-asr 2-yarmidan boshlab Dari tili siyosiy va boshqa ijtimoiy sabablar bilan differentsiasiyalandi, 20-asrga kelib 3 ko’rinishga ega bo’ldi (fors adabiy tili — Eronda; tojik adabiy tili — Tojikistonda; adabiy Dari tili — Afg’onistonda). Hozirgi Dari tili Afg’onistondagi ikki rasmiy tilning (pushtu tili bilan bir qatorda) biri. Bu til avval “Afg’onistonning fors tili” yoki “forsi-kobuli” deb atalgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz