DARG’OM KANALI
DARG’OM KANALI — Zarafshon daryosidan suv oladigan qadimgi kanal. Ravotxo’ja qishlog’i yaqinidagi to’g’ondan boshlanib, ulus cho’ligacha davom etadi. Tarixiy manbalarda kanalning miloddan avvalgi 5-4-asrlarda qazilganligi qayd qilingan. Klavdiy Ptolemey tuzgan kartada (2-asr) Darg’om kanali “Dargomaniy” deyilgan. Qadimda kanalning bosh to’g’oni bir necha marta xarob bo’lgan. Novlariga qo’rg’oshin yotqizilgan bosh to’g’on 1220 yilda Chingizxon tomonidan buzdirilgan. 18-asrdagi suv toshqinlari to’g’onni bir necha marta yuvib ketgan. 20-30-yillarda bosh to’g’on qayta tiklandi, suv taqsimlovchi qo’shimcha to’g’onlar qurildi. Darg’om kanali Yangi Darg’om, eski Darg’om va aylanma Darg’om kanallarini o’z ichiga oladi. Qashqadaryo viloyatiga Darg’om kanalidan suv eski Angor kanali orqali beriladi. Samarqand shahriga suv Shovdar va bog’i shamol taqsimlagichlari orqali olinadi. Umumiy uzunligi 100 kilometr. Suv o’tkazish imkoniyati — 125 metr kub/sekund. Darg’om kanalida Xishrov, Erteshar, Tallig’ulon 1 va Tallig’ulon 2 gidroelektr stansiyalari qurilgan. Yangi Darg’om Eski Darg’omga (bosh qismidan 11 kilometr naridan) quyiladi va kanalning suvini ko’paytiradi. Uning uzunligi 10,5 kilometr, 600 metr masofada kanal tunnel bo’ylab o’tadi. Aylanma Darg’om kanali Qashqadaryo viloyatiga 45 metr kub/sekund suv berish zarurati tufayli qurilgan. Bu kanal Bosh to’g’onning so’l rostlagichi orqali yangi Darg’om bilan umumiy suv olish havzasiga ega va 20,5 kilometrdan so’ng Eski Darg’omga quyiladi. Samarqand viloyatining Urgut, Samarqand, Pastdarg’om tumanlaridagi 67,5 ming gektar, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabog’, Qamashi, kitob tumanlaridagi 50 ming gektar yer sug’oriladi. Toshtemir Bekmurodov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz