DARD TUTISHI



DARD TUTISHI – tug’ruq boshlanganidan dalolat beradigan belgi; ko’zi yoriydigan ayol qorin pastida va bel sohasida ma’lum vaqt oralig’ida qayta-qayta takrorlanadigan va tobora kuchayadigan og’riq sezadi, bunda bachadon qisqarayotgan bo’ladi. Dard tutishi dastlab sust bo’lib, ancha vaqtdan keyin takrorlanadi, ayolni aytarli bezovta qilmasligi ham mumkin (ushoq dard). Keyinroq borib bachadon qisqarishlari muntazam takrorlanib turadi; bir qisqarish bilan ikkinchi qisqarish o’rtasidagi davr kamayadi, har 5-6 minutda takrorlanib turadi va har bir qisqarish uzoqroq (30-40 sekund) davom etadi (chor dard). Dard tutganda bachadon bo’yni ochiladi, bu homilaning tug’ilishi uchun zarur shartlardan biri. Dard tutishi – ixtiyordan tashqari bo’ladi, ayol uni qaytara olmaydi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz