DARBON



DARBON (fors— darvozabon, eshik soqchisi) — 1) o’rta asrlarda O’rta Osiyoda eshik yoki darvoza sokchisi, darvozabon. Qo’rg’on, qal’a yoki shahar darvozalari belgilangan vaqtda Darbonlar tomonidan ochilgan yoki yopilgan. Darbonlar darvozadan kiruvchi yoxud chiquvchilarni nazorat qilgan. Darvoza oldida kishilar, otaravalar to’planib qolishining oldini olgan. 2) Buxoro amirligida saroy xizmatchisi; Buxoro hayotini zimdan kuzatib, poytaxt xavfsizligini ta’minlab turuvchi harbiy qism va tegishli qurolyarog’lar mutasaddisi (boshqaruvchisi). Darbon ixtiyorida zindon yoki Arkda qamalgan mahbuslar ham bo’lgan; amirlik uchun xavfli hisoblangan jinoyatchilarni so’roq qilgan. Darbon to’pchiboshi yoki “to’pchi boshiyi Arki oliy” ham deb atalib, qushbegi b-ilan ikkalasi har qanday vaziyatda ham Arkni tark etmasliklari lozim bo’lgan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz