Daraxtlarga qobiq nima uchun kerak?



Daraxt tanasi yoki ildizining qobig’i po’stloq deb ataladi. Ammo uni po’stloq deb atash noto’g’ri, chunki u tana yoki ildizning tashqi tomonidir. Ayrim hollarda uning qalinligini aniqlash ham qiyin. Negaki, palma kabi daraxtlarning po’stlog’i va yog’ochi o’rtasida aniq chegaraning o’zi yo’q. Daraxtlarga po’stloq nima uchun kerak? Uning asosiy vazifalaridan biri daraxtning ichki, nozik qismini himoya qilishdir. Po’stloq daraxtni qurib qolishdan asrashi bilan birga har xil tashqi shikastlardan ham saqlaydi. Ayrim daraxtlarning po’stlog’i olovga qarshilik ko’rsatish xususiyatiga ham ega. Amerikada qalin va tolasimon po’stlog’ida yong’in izlari bor, ammo yog’ochi soppa-sog’ mamont daraxtlari topilgan. Po’stloqning hosil bo’lish jarayoni bir necha yillarga cho’zilib ketishi mumkin. Masalan, zarang niholining qattiq po’stlog’i yo’q, uning shoxchalari sirti ham silliqdir. Shuning uchun bunday niholning yog’och qatlami o’sa boshlaganda, tashqi po’stloqning u yoki bu yeri yorilishi mumkin. Ammo bunday shikast daraxt uchun zararli emas va daraxt uni ichidan davolay oladi. Nihol po’stlog’ining ayrim joylari asta-sekin, birin-ketin quriydi va o’lik a’zoga aylanadi; bu quruq qoplamalar po’stloqqa qo’pol tus beradi. Ularning bir qismi daraxt o’sishi va po’st tashlashi oqibatida tushib ketadi. Odamlar ko’pgina daraxtlar po’stlog’idan o’z ehtiyojlari yo’lida foydalanishni o’rganib olishgan. Masalan, barcha yog’och po’kaklar po’k eman po’stlogidan tayyorlanadi. Sassiqalaf po’stlogi esa terini oshlashda ishlatiladi. Ovqat tayyorlashda ishlatiladigan ziravorlardan dolchin Janubi-Sharqiy Osiyoda o’sadigan daraxt po’stlog’ining kukunidir. Bezgakka qarshi dori xinin esa Xin daraxtining po’stlogidan olinadi. Tibbiyotda ko’pgina daraxtlarning shoxlari va ildizlari po’stlogidan olingan ekstraktlar ishlatiladi.


Manba



Mo’jiza kitobning 1-jildi


Uzpedia.uz