DARAKCHI
DARAKCHI — qadimgi Sharq davlatlari armiyalarida maxsus topshiriqlarni ado etadigan va turli xabarlarni yetkazib turadigan shaxs, razvedkachi. Darakchilar savdogar, qalandar, tuyakash qiyofasida uzoq o’lkalarga borib, chet mamlakatlarning harbiy kudrati, urushga tayyorgarligi, chet el ayg’oqchilari, o’z mamlakatidan qochgan siyosiy aybdorlar haqida darak topib kelib, hukmdorlarga yetkazganlar. Ibn Arabshohning ta’kidlashicha, Amir Temur Darakchilar xizmatidan juda unumli foydalangan. Darakchilar chor-atrofda bo’layotgan hodisalardan Sohibqironni xabardor etganlar. Bozorlardagi narxnavolar, qishloq va shaharlardagi vaziyat haqida muttasil axborot yiqqanlar. G’anim tomonga jo’natilgan Darakchilar yovga tegishli yo’l, so’qmoq, notekis joylarning surati (chizmasi)ni keltirib, mudofaa istehkomlarining qaysi hudulda joylashgani, ularning nomlari, hukmdorlari, lashkarboshilari, ulug’lari, fozillari, boylari, kambag’allari to’g’risida batafsil ma’lumot bilan qaytganlar.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz