DAQIQIY



DAQIQIY (asl ismi Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad) (956, Balx — 980, Buxoro) — fors-tojik shoiri. Daqiqiy yoshligida o’qish uchun Buxoroga kelgan va umrining oxirigacha shu yerda yashab qolgan. Daqiqiy Somoniy amirlaridan Mansur ibn Nuh (961-76 yillar hukmronlik qilgan) hamda Abulqosim Nuh ibn Mansur (976-997 yillar hukmronlik qilgan) saroyida xizmat qilgan. Daqiqiy Sharq adabiyotida mavjud lirikaning barcha janrlarida she’rlar yozgan. Eski manbalarda uning qasida, g’azal, ruboiy, qit’a, bahoriyot, chiston singari janrlardagi asarlardan tarkib topgan devoni borligi ta’kidlangan. Lekin hanuzgacha shoirning qo’lyozmasi topilmagan. Shoir merosidan ayrim namunalar tazkira va lug’atlardagina saqlanib qolgan. Daqiqiy qasidago’ylik va g’azalnavislikda ustod san’atkor darajasiga ko’tarilgan. U o’z she’rlarida do’stlikni, muhabbatni, ma’rifatni kuylagan; qasidalarida donishmand, Odil podsho boshchiligidagi markazlashgan davlat uchun kurash g’oyasini ifodalagan. Bundan tashqari Daqiqiy Abulqosim Nuh ibn Mansur Somoniy topshirig’i bilan qadimgi ajdodlar tarixi haqida “Shohnoma” yozishga kirishadi. Ammo 1000 baytdan iborat “Arjasp va Gushtasp” dostonini yozib tugatgan paytida o’z g’ulomi tomonidan o’ldiriladi. Keyinchalik Firdavsiy bu dostonni o’z “Shohnoma”siga kiritgan. Asarda Zaratushtraning paydo bo’lishi, Gushtasp va boshqa ayonlar uning dinini qabul qilishlari, Turon podshohi arjaspning bu voqeadan noroziligi hamda Gushtasp bilan Arjasp o’rtasidagi urush hikoya qilingan. Mazkur jangnoma Eron va Turon xalqlari tarixini, jumladan, zardushtiylik dinining paydo bo’lishini o’rganishda muhim manba hisoblanadi. Ad.: Bertels E. D., Istoriya persidskotadjikskoy literaturi, M., 1960. Hamidjon Homidiy.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz