DANDANAKON JANGI
DANDANAKON JANGI – Saljuqiylar bilan G’aznaviylar o’rtasidagi jang. Mahmud G’aznaviy Movarounnahrga da’vo qilib, Qoraxoniylar bilan raqobatda bo’lgan yillarda o’g’uz turkmanlaridan bo’lgan saljuqiylarning bir guruhiga Shimoliy Xuroson (xususan, Marv viloyati) da joylashib yashashiga ruxsat bergan edi. Saljuqiylar ko’chmanchi chorvadorlar bo’lgani uchun yaylovlarga egalik qilish uchun kurash boshlaganlar. Masud G’aznaviy davrida saljuqiy beklar g’aznaviylarning soliq siyosatiga qarshi isyon ko’tarishgan. Mas’ud boshchiligidagi G’aznaviylar qo’shini isyonni bostirish uchun Marv vohasi tomon yurgan. Jazirama issiqda cho’ldan o’tayotgan G’aznaviylar qo’shini ochlik, tashnalik va boshqa ko’plab qiyinchiliklarga duch keladi. Saljuqiylar qadimgi dasht taktik usulini qo’llab cho’ldagi quduqlarga o’limtiklarni tashlab, ko’mib tashlashgan. Buning ustiga G’aznaviylar qo’shiniga chekka-chekkadan hamla qilib raqiblarini tinkasini quritgan. 1040 yil 23 mayda Mas’ud qo’shini Saljuqiylar hamlalarini qaytarib Dandanakon nomli kichik shaharqal’a devorlari ostiga etib kelgan. Qal’a aholisi g’aznaviylarga garchi suv bersada, qal’aning yagona darvozasidan kirishga yo’l qo’ymaydi. Mas’udga hamroh bo’lgan amaldor va lashkarboshilar unga Dandanakonda dam olish lozimligini maslahat berishgan. Biroq Sulton qal’adan 5 farsax olislikda bo’lgan suv havzasi tomon xarakat qilishni buyurgan. Voqea ishtirokchisi bo’lgan tarixchi Bayhaqiyning yozishicha, “Qachonki hukmdor u yerdan qo’zg’algach, qo’shin tartibi buzilgan, saroy g’ulomlaridan 370 tasi sher tasviri bo’lgan nishonlari bilan turkmanlarga qo’shildilar”. Saljuqiylar o’g’ruqqa tashlanib, qimmatbaho buyumlar, qurol-yarog’lar, otlarni tashmalab keta boshlaydi. Ular o’zlariga qo’shilgan Sulton g’ulomlari bilan birgalikda Mas’ud qarorgohiga shiddatli hujum qilishgan. Sulton atrofida qolgan oz sonli g’ulomlar qattiq qarshilik ko’rsatgan, biroq mag’lub bo’lib qochishga majbur bo’lganlar. Mas’ud o’zini beto’xtov ta’qib etib kelayotgan raqibi hamlalarini qaytarib qolgan-qutgan qo’shini bilan Marvarrudga, u yerdan esa G’aznaga qaytib kelgan. Sulton Mas’ud G’aznaviyni Dandanakon jangida mag’lubiyatga uchrashi G’aznaviylar davlatining inqirozi boshlanganidan va yangi davlat tug’ilganidan dalolat bergan. Xuddi jang maydonining o’zida chodir o’rnatilib, To’g’rulbek sultonlik taxtiga o’tiradi. Faxriddin Hasanov.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz