DANDANAKON
DANDANAKON — Marv shahridan 33 kilometr Janubi-Sharq (hozirgi Toshrabot shaharchasi o’rni) da o’rta asrlardan qolgan shahar xarobasi. Old Osiyodan Janubiy-Sharqiy Osiyoga boradigan qadimgi savdo yo’li ustida joylashgan. Arxeologik qazilma va yozma manbalarga qaraganda, Dandanakon 9— 11-asrlarda ancha rivojlanib, mustahkam imoratlar va qalin mudofaa devori qurilgan (10- asr). Dandanakon yonida 1040 yil 23 mayda Mas’ud G’aznaviy bilan Saljuq sultoni To’g’rulbek o’rtasida bo’lib o’tgan jang tarixda mashhur. Maqdisiy Dandanakonda naqshlar (o’ymakorlik, ganchkorlik) bilan bezatilgan hashamatli binolar borligini yozadi. Dandanakon Saljuqiylar davlatining tashkil topishida muhim rol o’ynagan. 1158 yilda u o’g’uzlar tomonidan vayron qilingach, asta-sekin tashlandiq holga tushib qolgan.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz