DAN TILI
DAN TILI — danlar tili. German tillari guruhining Skandinaviya (shimoliy Germaniya) shoxobchasiga kiradi. Daniyaning rasmiy tili bo’lib, unda 5,0 millionga yaqin kishi so’zlashadi. 16— 19-asrlarda Dan tili Norvegiyada ham rasmiy va so’zlashuv tili bo’lgan. Tarixda Dan tilining 3 davri farqlanadi: umumskandinaviya asos tili (3-9-asrlar), eski Dan tili (9-16-asrlar) va yangi Dan tili (16-asrdan keyingi davr). Dan tilidagi qadimgi yozma yodgorliklar “runik” yozuvda bo’lib, 9-asrga taalluqli. Bu vaqtga kelib eski Dan tili boshqa skandinav tillardan farq qila boshlagan. 18-asrga kelib, hozirgi adabiy Dan tili shakllandi. Adabiy Dan tili Zeland dialekti asosida yuzaga kelgan. Hozirgi adabiy Dan tili uchun analitik qurilish xos, fonetikasida cho’ziq va qisqa unlilar mavjud (10 juft). Undoshlar faqat qisqa. Grammatikasida otlar birlik va ko’plikda keladi, umumiy va qaratqich kelishigida turlanadi. Gap qurilishi uchun 2 tarkiblilik va asosiy bo’laklar — ega va kesimning aniq o’ringa egaligi xos. Yangi so’zlar turli so’z yasovchi qo’shimchalar, shuningdek, so’zlarni qo’shish yo’li bilan yasaladi. Yozuvi lotin alifbosi asosida.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz