DAMINOV TURG’UNPO’LAT OBIDOVICH
DAMINOV TURG’UNPO’LAT OBIDOVICH (1941.25.4, Toshkent) — pediatr-infektsionist olim, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (2000), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan vrach (1980), tibbiyot fanlari Doktori (1986), professor (1987), ToshTIni tugatgan (1964). Bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi assistenti, dosenti (1969- 82), mudiri (1982— 84), O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi pediatriya ilmiy tadqiqot instituti direktori (1984— 90), 1-Toshti rektori (1990 yildan). Daminov bolalarda uchraydigan gepatitning davomli va surunkali xillari shakllanishini klinik-patogenetik nuqtai nazardan o’rgandi. Bolalarda uchraydigan V virusli gepatitning davomli xilini samarali davolash usulini ishlab chiqdi va amaliyotga tatbiq etdi. Ko’pincha chaqaloqlar o’limiga sabab bo’ladigan nafas yo’llari kasalliklari belgilarini aniqladi. 1997 yildan O’zbekiston Oliy Majlisi deputati. O’zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi (SDP) siyosiy Kengashining birinchi kotibi (1995 yildan). “O’zbekiston milliy entsiklopediyasi” bosh tahrir hay’ati a’zosi (1997 yildan). Polsha tibbiyot fanlari akademiyasi akademik (1999). “Do’stlik” ordeni bilan mukofotlangan (1997).
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz