DAMBA



DAMBA, ko’tarma — daryo o’zani va qayirlarida suv yo’lini to’sish yoki oqim yo’nalishini o’zgartirish uchun quriladigan tuproq ko’tarma ko’rinishidagi gidrotexnika inshooti. Damba bosimli va bosimsiz turlarga bo’linadi. Bosimli yoki ihota Damba sohildagi pasttekisliklarni suv bosishdan saqlash uchun daryo, kanal, suv ombori va shu kabilarning qirg’oqlarini ko’tarish (to’suvchi-himoya Damba) va bosimli gidrotexnika inshootlarini qirg’oq bilan tutashtirish (tutashtiruvchi Damba) maqsadlarida barpo etiladi. O’rta Osiyo daryolari tez oqishi va o’zani tez-tez o’zgarib turganligi sababli aksariyat qirg’oq Dambalari ba’zida qo’shqavat qilib quriladi. Masalan, Amudaryoning qirg’oqlari tez-tez yuvilib turadigan quyi oqimida balandligi 1,5—3 metr, uzunligi qariyb 900 kilometr bo’lgan himoya Dambasi barpo etilgan. Bu ko’tarmalar, ayniqsa yozgi toshqin (25-30, ba’zida 45 kungacha) va kishki muzlar tiqilib qoladigan (10-20 kun) davrlarda suvning kuchini qaytaradi. Bosimsiz Dambalar o’zanni tartibga solish va to’g’rilash, suv olgich va suv o’tkazgich inshootlar ishini yaxshilash maqsadida oqim yo’nalishini o’zgartirish uchun quriladi. Ular suvga ko’milishi yoki ko’milmasligi mumkin. Oqim yo’nalishiga nisbatan joylashishiga ko’ra ko’ndalang yoki bo’ylama Dambaga bo’linadi. Damba, asosan, mahalliy qurilish materiallari — qum-tuproq, tosh, tuproq, shox-shabba va shu kabilardan barpo qilinadi. Dambalar ko’pincha tosh-tuproqdan yasaladi, mexanizatsiyani qo’llash qulay va qurilishni uzluksiz olib borish mumkin bo’lgani uchun bu Dambalar nisbatan tez bitadi. Damba uyma, yuvma (suv oqizib keltirgan cho’kindilarni gidromexanizatsiya vositalarini qo’llab, qirg’oqqa uyish) va kombinatsiyalashtirilgan (pastki qismi yuvma va ustki qismi uyma) usulda quriladi. Amin Muhamedov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz