DAMASHQ



DAMASHQ (Arabcha — Dimishq; tarixiy nomlari — Shom, Damaskus) — Suriya Arab Respublikasining poytaxt shahri. Damashq muhofazasining ma’muriy markazi. Barada daryosi vodiysida, 690 metr balandlikda joylashgan. Iqlimi subtropik, yanvarning o’rtacha temperaturasi 7-8°, iyulniki 26-27°, yillik yog’in 227 millimetr. Aholisi 3 million kishi (1998), ko’pchiligi arablar; shuningdek, arman, kurd, cherkas, grek va boshqalar ham yashaydi. Qadimda Misr, Falastin, Iroq, Arabiston yarim oroliga karvon yo’llari Damashq orqali o’tgan. Damashqning besh ming yildan ortiq tarixi bor. Qadimda u Timaski, Temasgi, Dimaska, Karanaski deb ham yuritilgan. O’rta asr tarixchilari uni “dunyo jannati”, “Sharq jannati” deb atashgan. Misr fir’avnlari (miloddan avvalgi 16-asr), oromiylar (miloddan avvalgi 10-asr), ossuriylar (Ossuriya, miloddan avvalgi 132), bobilliklar (miloddan avvalgi 604), forslar (miloddan avvalgi 538), makedoniyalik Iskandar (miloddan avvalgi 332), Rim imperiyasi (64 yil), Vizantiya (5-7-asrlar), Arab va turklar Damashqni bir-bir egallab o’tganlar. Damashq umaviylar davri (661-750) da xalifalik markazi bo’lgan. Bu vaqtda shaharda hashamatli qasrlar, masjidlar qurilgan. Movarounnahr va Sharqning yirik faylasufi Abu Nasr Forobiy Damashq madrasalarida dars bergan. Damashqda abbosiylar, Tuluniylar (9-asr), fotimiylar (10-asr), Saljuqiylar (11-asr) hukmronlik qilgan. 1260 yilda Damashq mamluklar, 1401 yilda Amir Temur tasarrufiga o’tgan. Mamluklar davrida (13-16-asrlarda) Damashq — savdo va hunarmandchilik (mato, qurol-aslahalar ishlab chiqarish, zargarlik buyumlari tayyorlash) hamda Islomning tayanch markazlaridan bo’lgan. 1516 yildan 1918 yilgacha Usmoniylar saltanati tarkibida bo’lgan. 1918 yil 1 oktabrda Hijoz qo’mondoni Amir Faysal askarlari Damashqni eg’alladi. Suriya 1920 yilda Frantsiya mandatligiga o’tgach, Damashqga frantsuz askarlari bostirib kirdi. Shu sababdan shahar chetidagi Maysalun degan joyda qattiq jang bo’ldi; 1943 yilda Suriya mustaqillikka erishgach, Damashq uning poytaxti bo’lib qoldi. Damashq— yirik savdo-sanoat va moliya markazi, muhim transport yo’llari tuguni. Xalqaro aeroport bor. Mamlakatdagi ko’pgina shaharlar hamda Bayrut, Ammon va Bag’dod shaharlari bilan temir yo’l va havo yo’llari; Yevropa, Osiyo va Afrika bilan xalqaro havo yo’llari orqali bog’langan. Shaharda to’qimachilik, gilam to’qish fabrikalari, sovungarlik, farmatsevtika, Elektrokabel, tsement, oyna zavodlari, oziq-ovqat, avtomobil remonti, tikuvchilik, bo’yoq, ko’nchilik korxonalari; mis, oltin, kumushga badiiy ishlov berish, qurolaslaha tayyorlash ustaxonalari va boshqalar bor. Mashinasozlik va metallsozlik sanoati rivojlanmoqda. Damashq aholisi millati va diniga qarab mahallalarga bo’lingan. Shaharda Damashq va Arab akademiyalari, Suriya universiteti (1923), Sharq musiqasi instituti, Oliy pedagogika va Oliy politexnika bilim yurtlari, harbiy akademiya, Milliy muzey (1919), Sharq turmushi muzeyi, butun Sharqqa mashhur bozor va rastalar, kutubxonalar, teatrlar va boshqalar bor. Me’moriy yodgorliklardan Arab-Islom madaniyati durdonasi bo’lmish Umaviylar masjidi (705-715 yillar), Sulaymoniya masjidi va boshqalar saqlangan.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz