DAMANLAR
DAMANLAR, jiryaklar (Nugacoidea) — yo’ldoshli sut emizuvchilar turkumi. Tanasining uzunligi 30-60 santimetr, vazni 1,5—4,5 kilogramm. Tashqi ko’rinishi kemiruvchilarga o’xshasada, filogenetik jihatdan xartumlilarga yaqinroq. Ustki labi ayri, oldingi oyoqlari 4, keyingi oyoklari 3 barmoqli bo’lib, tuyoqsimon tirnoqlar bilan qoplangan. Oldingi kurak tishlarining orqa tomonida emali bo’lmaydi va doim o’sib turadi. Hozirgi Damanlar bitta oilaga mansub bo’lgan 2-3 urug’ (7-12 tur) dan iborat. Afrikada va Osiyoda (Arabiston yarim orolidan Suriyagacha) tarqalgan. O’rmonlarda yakka-yakka va tog’larda 4,5 ming metrgacha balandlikda koloniya bo’lib yashaydi. Yerda yoki daraxtda hayot kechiradigan serharakat, asosan, o’txo’r hayvonlar. Yilda bir marta 1-3 tadan bolalaydi. Go’shti uchun ovlanadi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz