DAMAN VA DIU



DAMAN VA DIU — Hindistonning g’arbiy qismidagi ittifoqdosh hudud. Kambey qo’ltig’iga kiraverishda, uning har ikki sohilida joylashgan. Daman Gujarot shtati bilan chegaradosh. Diu Katxiyavar yarim orolining Janubda joylashgan Orol bo’lib, ko’priklar orqali materik bilan bog’langan. Maydoni 112 kilometr kvadrat, aholisi 158 ming kishi (2001). Ma’muriy markazi — Daman. 1509, 1521 va 1531 yillarda portugallar gujarotlar qal’asi bo’lmish Diuni bosib olishga harakat qilishgan. 1535 yilda Gujarot hokimi Bahodir qal’ani portugallarga topshirdi, chunki buning evaziga portugallar Gujarotni boburiylardan ozod qilishga yordam berishga va’da qildilar. Biroq bu yordam amalga oshmaganligi uchun Bahodir yana Diuni qaytarib olishga harakat qilgan, aksho portugallar tomonidan o’ldirilgan. 1558-59 yillarda portugallar Diu qarshisida Kambey qo’ltig’i sohilida joylashgan Damanni bosib oldilar. Milliy ozodlik harakatlari tufayli bu hudud 1961 yilda portugallardan ozod qilindi va Markaziy xukumat tomonidan idora qilinadigan bo’ldi, unga Goa, Daman, Diu ittifoqdosh hudud maqomi berildi. 1987 yilda Goa alohida shtat maqomiga ega bo’ldi va o’sha vaqtdan daman va Diu ham alohida ma’muriy birlik. Iqtisodida qishloq xo’jalik yetakchi o’rin tutadi. Umumiy sug’oriladigan ekin maydoni 51,7 ming gektar (24,4 ming gektar — damanda, 27,3 ming gektar — Diuda). Qishloq xo’jalik asosini bog’dorchilik (Mango, banan, kokos yong’og’i va boshqalar) tashkil etadi. Makkajo’xori, no’xot, bug’doy, shakarqamish, dukkakli o’simliklar etishtiriladi. Hududda qariyb 550 ta kichik sanoat korxonalari mavjud bo’lib, ular Riganvada, Dabel, Bximpur va Kodayya shaharlarida joylashgan. Aholining bir qismi baliq ovlash va uni qayta ishlash bilan shug’ullanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz