“DAMACHI” AKTSIYADORLIK JAMIYATI



“DAMACHI” AKTSIYADORLIK JAMIYATI — O’zbekiston Respublikasidagi dastlabki tashkil qilingan baliqchilik xo’jaliklaridan biri. Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan. 1941-46 yillarda tashkil etilgan va 1946 yildan ish boshlagan. 1994 yilgacha baliq boqiladigan “Damachi” baliqchilik kombinati, 1994 yildan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati, 12 semirtirish hovuzi, 6 o’stirish hovuziga va 1 tutilgan baliqlar saqlanadigan hovuzga ega. Jami maydoni 550 gektar; shundan 249 gektar maydonni baliq boqiladigan hovuzlar tashkil etadi. Gektaridan 35-37 tsentner, ba’zi hovuzlardan 40 tsentnergacha baliq ovlanadi. Yiliga 600— 650 tonna baliq yetishtiriladi. Xo’jalikda tutilgan baliq maxsus “tirik baliq” avtomashinalarida Toshkent viloyati shaharlari va Toshkent shahar savdo shoxobchalariga jo’natiladi. Xo’jalikda dudlangan baliq yetkazib beradigan maxsus tsex ishlaydi. Xo’jalikning pog’onali qilib qazilgan hovuzlarida kollektor va hokazo ekinlaridan bo’shagan oqova suvlardan foydalaniladi. Jahongir Hoshimov.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz