DAM OLISH KUNLARI
DAM OLISH KUNLARI – har haftalik uzluksiz dam olish kunlari. O’zbekiston Respublikasida barcha xodimlarga 5 kunlik ish haftasida haftada 2 dam olish kuni, 6 kunlik ish haftasida esa, 1 dam olish kuni beriladi (O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi, 129-modda). Umumiy dam olish kuni yakshanbadir. Dam olish kunlarida ishlatish taqiqlanadi. Ish beruvchining farmoyishi bo’yicha ayrim xodimlarni Dam olish kunlari ishga jalb etishga alohida hollardagina, jamoa shartnomasida, agar u tuzilmagan bo’lsa, ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo’mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib belgilangan asoslar bo’yicha va tartibda yo’l qo’yiladi. Ayrim toifa xodimlarga dam olish kuni berish uchun alohida qoidalar belgilangan. Qonun bo’yicha nogironlarni, homilador ayollarni va 14 yoshga to’lmagan (16 yoshga to’lmagan nogiron) bolasi bor ayollarni, shuningdek, voyaga yetmagan yoshlarni Dam olish kunlari ishga jalb etishga yo’l qo’yilmaydi. Dam olish kunini boshqa kunga ko’chirish yoki ish kuni deb e’lon qilish O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiradi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz