DAM OLISH



DAM OLISH, hordiq chiqarish — charchoqni yozadigan, kuchquvvatni asliga keltiradigan, ish qobiliyatini tiklashga yordam beradigan faoliyat yoki orom holati. Mehnat va Dam olish odamning o’qish, ishlab chiqarish va boshqa faoliyatlari bilan uzviy bog’langan. Yetarli dam olmaslik — ish qobiliyatining pasayishi va hatto yo’qolishi, organizmning himoya kuchi susayishi, turli kasalliklar paydo bo’lishiga sabab bo’lishi mumkin. Mehnat va Dam olishni to’g’ri tashkil etish salomatlik va ish qobiliyatini uzoq vaqt saqlab qolishga imkon beradi. Fiziologik ma’noda Dam olish — faoliyatning alohida holati bo’lib, bunda ishlamay turgan hujayralar o’z normal tarkibini tiklaydi. Dam olishning ahamiyatini I.M. Sechenov va boshqa fiziolog olimlar isbotlab bergan. Uyqu Dam olishning eng ta’sirli turi bo’lib, uyqu paytida birinchi navbatda miya hujayralarida tiklanish jarayoni jadal boradi. Bir xil ishdan boshqasiga o’tish, aqliy faoliyatni yengil jismoniy mehnat bilan navbatlash charchoqni yo’qotadi; bu ham Dam olishning o’ziga xos turi hisoblanadi. Og’ir jismoniy yoki aqliy mehnatdan keyin ish qobiliyatini mumkin qadar tezroq tiklash uchun passiv Dam olishni (tamomila tinch holatda) aktiv Dam olish bilan navbatlash lozim. Dam olishning 3 turi (kundalik, bir haftalik va yillik Dam olish) mavjud. Kundalik Dam olishga ish kuni davomida qisqa muddatli tanaffuslarda bajariladigan ishlab chiqarish gimnastikasi kiradi. Ovqatlanishga ajratilgan vaqtning bir qismini toza havoda o’tkazish maqsadga muvofiqdir. Kundalik Dam olish tiniqib uxlash bilan yakunlanadi. Haftada 5 kun ishlab 2 kun Dam olish sof havoda uzoqroq bo’lish, sport bilan shug’ullanish imkonini beradi. Yillik Dam olish ta’til davomida ta’minlanadi. Yillik mehnat ta’tilida tabiat quchog’ida bo’lish, havo va quyosh vannalari organizmni chiniqtirishda nihoyatda foydali. Oqilona Dam olish tartibi ko’pgina omillar, xususan, mehnat sharoitlari, kishining yoshi va boshqalarga qarab tanlanadi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz