Dalma tizmasi




Dalma tizmasi  — Hisor tizmasi tarmogʻi, Surxondaryo viloyatining shimoli-sharqidagi Uzun tumani hududida joylashgan. Uz. 10 km ga yaqin, kambar. Oʻrtacha bal. 2500-2800 m, eng baland nuqtasi 3360 m. Asosan kristalli jinslar, qumtosh, granit, slanetslardan tarkib topgan. Tizma shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga choʻzilgan. Togʻ choʻqqilari qirrali, kambar va qoyatoshlardan iborat, togʻ yon bagʻirlari tik (15—45°). Togʻ etaklari esa koʻchib tushgan tosh, harsang uyumlari, toʻkilmalar bilan band. Togʻ vodiylari ensiz (0,2—0,3 km), baʼzi joylarda dara shaklida. Iqlimi kontinental, vertikal zonallik mavjud. Qor koʻchkilari boʻlib turadi. Yogʻinning eng koʻp qismi bahorda tushadi. Yoz qisqa, issiq va quruq, oktabrdan boshlab qor yogʻishi mumkin. Yogʻin miqdori 700-800 mm. Dalma tizmasidan buloqlar, sersuv soylar boshlanadi. Tuprogʻi togʻ jigarrang tuproq, baland togʻ och qoʻngʻir oʻtloqi-dasht tuproqlar. 1500-3000 m balandlikda butalar (naʼmatak, uchqat, zirk va boshqalar), keng bargli daraxtlar (zarang, olma, nok, olcha, doʻlana, yongʻoq va boshqalar), archa oʻsadi. Hayvonot dunyosi ham xilma-xil. Dalma tizmasi Oʻzbekistonning gʻoyat xushmanzara, shifobaxsh tabiat goʻshalaridan biridir. Xoʻjalikda asosan yaylov sifatida foydalaniladi.

Manbalar




uz.wikipedia.org


Uzpedia.uz