DALMA TIZMASI



DALMA TIZMASI — Hisor tizmasi tarmog’i, Surxondaryo viloyatining shimoli-sharqidagi uzun tumani hududida joylashgan. Uzunligi 10 kilometrga yaqin, kambar. O’rtacha balandligi 2500-2800 metr, eng baland nuqtasi 3360 metr. Asosan kristalli jinslar, qumtosh, granit, slaneslardan tarkib topgan. Tizma shimoli-sharqdan Janubi- g’arbga cho’zilgan. Tog’ cho’qqilari qirrali, kambar va qoyatoshlardan iborat, tog’yon bag’irlari tik (15-45°). Tog’ etaklari esa ko’chib tushgan tosh, xarsang uyumlari, to’kilmalar bilan band. Tog’ vodiylari ensiz (0,2—0,3 kilometr), ba’zi joylarda dara shaklida. Iqlimi kontinental, vertikal zonallik mavjud. Qor ko’chkilari bo’lib turadi. Yog’inning eng ko’p qismi bahorda tushadi. Yoz qisqa, issiq va quruq, oktabrdan boshlab qor yog’ishi mumkin. Yog’in miqdori 700-800 millimetr. Dalma tizmasidan buloqlar, sersuv soylar boshlanadi. Tuprog’i tog’ jigarrang tuproq, baland tog’och qo’ng’ir o’tloqi-dasht tuproqlar. 1500-3000 metr balandlikda butalar (na’matak, uchqat, zirk va boshqalar), keng bargli daraxtlar (zarang, olma, nok, olcha, do’lana, yong’oq va boshqalar), archa o’sadi. Hayvonot dunyosi ham xilma-xil. Dalma tizmasi O’zbekistonning g’oyat xushmanzara, shifobaxsh tabiat go’shalaridan biridir. Xo’jalikda asosan yaylov sifatida foydalaniladi.

Manba



O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi


Uzpedia.uz