DALA QANDALASI
DALA QANDALASI (Lygus pratensis L.) — hammaxo’r hasharot; Dala qandalasining kattaligi 3,5—4 millimetr, rangi yashil, qora naqshlari, qanotining ustki qismida, ko’kragining ost tomonida dog’lari bor. Tanasi cho’ziq, tuxumsimon. Lichinkasi kichikligi va qanotsizligi bilan voyaga yetgan qandaladan ajralib turadi. Tuxumi 1 millimetr. Qand lavlagi (nihollari va urug’i), dukkakli o’tlar, ko’pchilik tolali, moyli, dorivor, sabzavot va manzarali hamda g’alla ekinlariga katta zarar keltiradi. Zararlangan shona, gul va mayda tugunchalar batamom to’kilib ketadi, zararlangan ko’saklarda botiq qora dog’lar paydo bo’ladi, mayda ko’saklarning shakli qing’ir-qiyshiq bo’lib, tolasi yetilmay vaqtidan oldin ochiladi (hosil 60% gacha kamayishi mumkin). Dala qandalasi yetuk hasharot holatida turli o’simlik qoldiqlari ostida qishlaydi. Mavsumda 3-4 marta nasl beradi. Kurash choralari: erta bahorda dalani begona o’tlardan tozalash, kuzda esa zararkunanda shuvoqda to’planishini hisobga olib, qandalaga qarshi tegishli preparatlarni qo’llash, ehtiyoj tug’ilganda Dala qandalasiga qarshi desis, super-zipak, tsimbush, tsiraks yoki fostak preparatlaridan birini belgilangan me’yorda qo’llash tavsiya etiladi.
Manba
O'zbekiston Milliy Ensiklopediyasi
Uzpedia.uz